Pekinda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Sentabr 10, 2026. 12:30 • 2 daq
• 106PEKIN, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Xitoydagi vatandoshlar ishtirokida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab bayram tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan marosimda Xitoy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar, ushbu mamlakatda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
“Mustaqil O‘zbekiston – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida o‘tgan tadbirning ochilish qismida mamlakatimiz davlat madhiyasi yangradi. Barcha ishtirokchilar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bayrami bilan samimiy qutlandi.
Yig‘ilganlarga O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xorijiy sarmoyalar oqimining o‘sishi, turizm sohasidagi yangilanishlar hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar aloqalar jadal rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Mustaqillik barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni o‘zida mujassam etib, jamiyatimizda tinchlik, inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlashda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilayotgani urg‘ulandi. Amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlar markazida inson qadrini ulug‘lash, farovon hayotni taʼminlashdek insonparvar g‘oyalar yotgani va bu jarayonda yoshlarning ishtiroki muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy va bayramona uchrashuvlarning muntazam o‘tkazilishi xorijdagi vatandoshlarni birlashtirishga hamda ularning vatanga bo‘lgan mehr-muhabbatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida vatandoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Yurtdoshlarimiz turnirda bilim va zukkoligini namoyish etib, faol ishtirok etdilar hamda g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram dasturi o‘zbek milliy taomlari tortiq qilinishi va kuy- qo‘shiqlar bilan davom etdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Anvar G‘aniyev tomonidan jonli ijro etilgan dilrabo taronalar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat va bayramona ruh bag‘ishladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





