O‘zbekiston Pokiston bilan turizmni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qiladi
May 21, 2026. 10:25 • 2 daq
• 95ISLOMOBOD, 21-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning Lahor shahriga tashrifi davomida “COTHM Group of Colleges” taʼlim muassasalari tarmog‘i rahbari Ahmad Shafiq bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, mamlakatimiz taʼlim muassasalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, turizm va mehmondo‘stlik sohalarida qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Pokiston tomoniga O‘zbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirish, sohani yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, kasbiy taʼlim tizimini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish va taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan muhim islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ahmad Shafiq o‘zi rahbarlik qilayotgan “COTHM Group of Colleges” faoliyati, uning Pokiston va xorijdagi keng qamrovli taʼlim muassasalari tarmog‘i xususida to‘xtalib o‘tdi. Turizm, mehmondo‘stlik, oshpazlik sanʼati va boshqa turdosh kasbiy yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston Kasbiy taʼlim agentligi va mamlakatimiz texnikumlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shuningdek, muzokaralar chog‘ida mehmonxona boshqaruvi, oshpazlik, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish, restoratorlik kabi yo‘nalishlarda zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish, taʼlim jarayonini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, o‘zbekistonlik o‘qituvchi va mutaxassislar uchun “ustozlarni tayyorlash” dasturlarini tashkil etish, qisqa muddatli kurslar, onlayn taʼlim va malaka oshirish stajirovkalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Texnikumlarda amaliy mashg‘ulotlar uchun zamonaviy o‘quv laboratoriyalari va turizm simulyatsiya markazlarini tashkil etish, o‘zbekistonlik talabalar uchun Pokistonda taʼlim olish imkoniyatini beruvchi grant dasturlarini joriy etish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
“Ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekiston tomoni bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyormiz. O‘zbekiston Kasbiy taʼlim agentligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazish hamda texnikumlar faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga tashrif rejamiz bor”, – dedi Ahmad Shafiq.
1992-yilda tashkil etilgan “COTHM Group of Colleges” xususiy taʼlim muassasalari tarmog‘i hisoblanadi. U Pokiston turizmni rivojlantirish agentligi bilan yaqin hamkorlik qiladi. Muassasa Pokiston bo‘ylab joylashgan 28 ta kampusi orqali 10 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha 3 oydan 2 yilgacha davom etadigan sertifikat va bakalavr dasturlarini taklif etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








