O‘zbekiston Prezidenti bunyodkorlik loyihalar bilan tanishdi
May 20, 2026. 19:45 • 2 daq
• 106
TOSHKENT, 20-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun turli sohalaridagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisiga Andijon viloyati Bobur shahrida barpo etiladigan meʼmoriy ansambl tarkibida buyuk davlat arbobi, sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan muhtasham haykal o‘rnatish loyihasi taqdimot qilindi.
Buyuk ajdodimiz xotirasini munosib ulug‘lash, uning boy ilmiy-adabiy merosi, davlatchilik tafakkuri va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasini yosh avlodga chuqur yetkazish maqsadida ushbu yodgorlikni alohida mazmun va badiiy yechim asosida yaratishga alohida berilmoqda.
Prezidentimizga bo‘lajak haykalning eskizlari, kompozitsion yechimi va Bobur siymosini aks ettirish bo‘yicha ilmiy-badiiy yondashuvlar haqida axborot berildi. Qayd etilganidek, buyuk tarixiy shaxs obrazi yurtimiz olimlari tomonidan xorijiy hamkasblar bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqotlar, ko‘plab tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, miniatyuralar va madaniy meros namunalarini chuqur o‘rganish asosida yaratilmoqda.
Shu bilan birga, Prezidentimizning Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomobod shahridagi bog‘lardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan atalgan edi. Mazkur bog‘da ham buyuk ajdodimizga o‘rnatiladigan haykal loyihasi ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari yodgorliklarni yaratishda Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini nafaqat buyuk adib va shoir, balki mohir sarkarda, qudratli davlat asoschisi va donishmand hukmdor sifatida teran ochib berish zarurligini taʼkidladi. Uning irodasi, davlatchilik salohiyati, yuksak maʼnaviyati va bunyodkorlik g‘oyalari haykalning umumiy qiyofasida yaqqol ifoda topishi lozimligi qayd etildi.
Prezidentimizga Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, Buxoro shahrida turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish, tumanlardagi madaniyat uylarini modernizatsiya qilish yuzasidan ishlab chiqilayotgan loyihalar to‘g‘risida ham axborot berildi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni yana-da takomillashtirib, ilg‘or tajriba asosida puxta ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




