Yaponiyaning Narita shahridagi ko‘rgazmada O‘zbekistonning turizm va madaniy salohiyati namoyish etildi
May 21, 2026. 11:25 • 2 daq
• 11NARITA, 21-may. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Narita shahrida “Narita Airport Anniversary Fair 2026” yarmarkasi bo‘lib o‘tdi , deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston elchixonasi ushbu tadbirda ilk bor alohida milliy stend bilan qatnashdi. Tashkilotchilarning maʼlumotiga ko‘ra, kun davomida yarmarkaga 43,5 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan.
O‘zbekiston stendida milliy hunarmandchilik namunalari, jumladan, kulolchilik, kashtado‘zlik va yog‘och o‘ymakorligi buyumlari, shuningdek, atlas va adrasdan tikilgan milliy liboslar namoyish etildi. Tashrif buyuruvchilarga mamlakatning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan axborot materiallari ham taqdim etildi.
Tadbir mehmonlariga Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar, O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, milliy anʼanalari hamda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi haqida so‘zlab berildi.
Dastur doirasida musiqiy va raqs chiqishlari hamda teatrlashtirilgan tomoshalar bo‘lib o‘tdi. Tashrif buyuruvchilarda, ayniqsa, milliy liboslarni kiyib ko‘rish hamda O‘zbekiston haqidagi sayyohlik xaritalari va taqdimot materiallari bilan tanishish imkoniyati katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston milliy stendi yarmarkaning yaponiyalik va xorijlik mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi va ularning ko‘pchiligi mamlakat hamda uning turizm salohiyati haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Nippon Cargo Airline” kompaniyasi xodimi Miyato Nariyama:
- Men Toshkentga 2025-yilning noyabrida borgan edim. Moviy koshinlar bilan bezatilgan tarixiy obidalar va o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi menda katta taassurot qoldirdi. Garchi o‘zbek tilida so‘zlashmasam-da, odamlar menga juda samimiy munosabatda bo‘lishdi. O‘shanda Samarqandga borishga ulgurmagandim, shu sababli yaqin kelajakda O‘zbekistonga yana kelishni rejalashtiryapman. Aytgancha, milliy taomlaringiz ham juda mazali ekan.
“Orange Inc.” kompaniyasining bosh ijrochi direktori Xaruna Yuka:
- Ilgari O‘zbekiston menga olis va notanish bir mamlakat bo‘lib tuyulardi. Biroq bugun namoyish etilgan o‘zbek ipak mahsulotlari hamda milliy amaliy sanʼat namunalari mamlakatingiz madaniyati va anʼanalari bilan yaqindan tanishishimga yordam berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“Travel World”: Hindiston O‘zbekiston turizm sohasining o‘sishi uchun asosiy strategik bozor hisoblanadi










