O‘zbekiston – 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni!
Sentabr 28, 2026. 10:30 • 4 daq
• 25SAMARQAND, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz shaxmati tarixida yana bir yorqin sahifa ochildi: O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston-1 jamoasi 11 turda 20 ochko to‘plab, olimpiadaning ochiq turnirida oltin medalni qo‘lga kiritgan holda “Hamilton–Rassel” kubogi sohibi bo‘ldi.
“Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni 46-Jahon shaxmat olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ikki karra olimpiada chempioni degan yuksak sharafli unvon, buyuk zafar barchamizga, ko‘pmillatli xalqimizga muborak bo‘lsin”, - deya davlatimiz rahbari shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga o‘z tabrigini yo‘lladi.
“Mana shu g‘oyat hayajonli onlarda 200 dan ziyod mamlakatdan 2 mingga yaqin eng kuchli va mashhur grossmeysterlar, nomdor jamoalar ishtirok etgan murosasiz bellashuvlarda ko‘rsatgan aql-zakovatingiz, yuksak irodangiz, mahorat va jasoratingiz uchun butun el-yurtimiz, dunyo shaxmat jamoatchiligi sizlarga tasannolar aytmoqda”, dedi Prezidentimiz o‘z tabrigida.
Hal qiluvchi 11-turda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi Ukraina terma jamoasini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.
Musobaqada Hindiston 18 ochko bilan kumush medal, Germaniya esa 18 ochko bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Chempionlik yo‘li oson kechmadi. O‘zbekiston shaxmatchilari chempionlik sari yo‘lda kuchli raqiblar bilan murosasiz bahslar olib bordi. Hal qiluvchi bahslarda Hindiston 2,5:1,5, Xitoy esa 3:1 hisobida mag‘lub etildi.
8-turda Germaniyaga qarshi bahsda ochko yo‘qotilgan bo‘lsa-da, shaxmatchilarimiz keyingi turlarda yana g‘alabali seriyani davom ettirdi. 9-turda AQSh jamoasi ustidan g‘alaba qozonildi, 10-turda esa Armaniston 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etildi. So‘nggi turda Ukraina ustidan qo‘lga kiritilgan g‘alaba esa chempionlikka yo‘l ochdi.
Samarqand olimpiadasida o‘zbekistonlik shaxmatchilar nafaqat jamoaviy, balki shaxsiy natijalar bilan ham ajralib turdi. Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada oltin medal, Javohir Sindorov ikkinchi taxtada bronza, Nodirbek Yoqubboyev esa uchinchi taxtada kumush medalga sazovor bo‘ldi. Javohir Sindorov olimpiadaning “Eng yaxshi erkak shaxmatchi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Alohida taxtalarda Asrorjon Omonov ham yetakchilar qatorida qayd etildi. Abdumalik Abdusalimov, Muhammadzohid Suyarov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva va Guldona Karimovaning ham o‘z taxtalarida kuchli o‘nlikdan joy olishi O‘zbekistonda shaxmatning yangi avlodi shakllanayotganini ko‘rsatdi.
Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilar soni bo‘yicha FIDЕ tarixidagi eng yirik musobaqalardan biri bo‘ldi. Unda 200 dan ortiq davlatdan 394 ta jamoa — ochiq turnirda 205 ta, ayollar musobaqasida 189 ta jamoa qatnashdi.
Olimpiada doirasida ilk bor FIDЕ shaxmat paralimpiadasi ham asosiy olimpiada bilan bir vaqtda va bir joyda o‘tkazildi. Unda 36 davlatdan 41 jamoa, 164 nafar shaxmatchi ishtirok etdi. O‘zbekiston parashaxmatchilari bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ayollar musobaqasida Xitoy jamoasi 20 ochko bilan chempion bo‘ldi. Qozog‘iston ikkinchi, Hindiston esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Samarqandda FIDЕ Kongressi ham o‘tkazilib, qozog‘istonlik tadbirkor Timur Turlov federatsiya prezidenti etib saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi 2026-yilda FIDЕning “Eng yaxshi federatsiya” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Taniqli grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDЕning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezident etib saylandi.
Samarqand olimpiadasidagi g‘alaba O‘zbekiston shaxmatining so‘nggi yillardagi izchil rivojlanishi samaralaridan biri bo‘ldi. 2022-yilda Chennaydagi chempionlik, 2024-yilda Budapeshtdagi bronza medalidan keyin 2026-yilda o‘z yurtida yana chempionlik qo‘lga kiritilishi terma jamoamizning xalqaro maydondagi barqaror natijalarini namoyon etdi.
Eng muhimi, bu muvaffaqiyat bir necha nafar kuchli shaxmatchining natijasi bilan cheklanib qolmayapti. Samarqandda yosh shaxmatchilarning ham yuqori natijalar ko‘rsatgani mamlakatda shaxmat maktabi tobora kengayib borayotganidan dalolat berdi.
Olimpiadaning yopilish marosimida FIDЕ bayrog‘i 2028-yilgi 47-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezboni — Birlashgan Arab Amirliklari vakillariga topshirildi. FIDЕ prezidenti Timur Turlov Samarqanddagi tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazilganini ta’kidlab, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga FIDЕning “Shon-sharaf” medalini topshirdi.
Samarqanddagi tarixiy g‘alaba O‘zbekiston shaxmatining bugungi salohiyatini namoyon etish bilan birga, kelajak chempionlar uchun ham mustahkam zamin yaratdi. O‘zbekiston terma jamoasining oltin medali mamlakat shaxmatida yangi, yuksak natijalar davri davom etayotganini ko‘rsatgan muhim voqea bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








