O‘zbekiston “GPDNet” global jamoatchilik diplomatiyasi tarmog‘iga bir ovozdan qabul qilindi
Noyabr 09, 2026. 08:10 • 2 daq
• 16DOHA, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Global jamoatchilik diplomatiyasi tarmog‘iga (GPDNet) Doha shahrida bo‘lib o‘tgan tashkilotning 11-Bosh assambleyasi yakunlariga ko‘ra, to‘laqonli a’zo bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2014-yilda asos solingan mazkur xalqaro notijorat tashkiloti 29 ta davlatni birlashtirib, jamoatchilik va madaniy diplomatiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Assambleya ishida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi direktorining o‘rinbosari Valijon Xoshimov ishtirok etdi.
O‘zbekistonning “GPDNet”ga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinish masalasi O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi va Markazning sa’y-harakatlari tufayli Assambleya kun tartibiga kiritildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, barcha ishtirokchi davlatlar vakillari respublikamizning tashkilotga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladilar.
Tadbir davomida o‘zbek tomoni mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, jamoatchilik diplomatiyasi sohasidagi asosiy vazifalar, shuningdek, Markazning loyihalari va xalqaro tashabbuslarini taqdim etdi.
Mazkur taqdimot Assambleya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Davlatlar vakillari Markaz va “GPDNet”ga a’zo mamlakatlarning tegishli muassasalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Tarmoqqa to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekistonga xalqaro jamoatchilik diplomatiyasidagi ishtirokini kengaytirish, milliy tashabbuslarni jahon maydonida ilgari surish va Markazning xorijiy sheriklar bilan institutsional aloqalarini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


