Paragvay Prezidenti iste’foga chiqqanini e’lon qildi
Noyabr 06, 2026. 17:00 • 2 daq
• 117
ASUNSON, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Paragvay Prezidenti Santyago Penya “Ueno” mahalliy bankining qulashi ortidan kelib chiqqan inqiroz va ommaviy noroziliklar fonida davlat rahbarligi lavozimidan ketishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.
Bank o‘z faoliyatini to‘xtatib, mamlakat Markaziy banki boshqaruviga o‘tdi. Natijada uch millionga yaqin mijoz o‘z jamg‘armalaridan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi va bu prezidentning iste’fosini talab qilgan norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi.
Santyago Penya 2025-yilgacha bankka egalik qilgan guruh aksiyadorlari qatorida bo‘lgani haqidagi xabarlardan so‘ng norozilik yanada kuchaydi. U manfaatlar to‘qnashuvi va moliyaviy tashkilotning qulashi haqidagi ma’lumotlarni yashirganlikda ayblandi.
“Agar qaysidir paytda kutgan umidlaringizni oqlay olmagan bo‘lsam, xalqimizdan uzr so‘rayman. Siz menga bildirgan ishonchga hech qachon xiyonat qilish niyatida bo‘lmaganman”, – dedi prezident.
U o‘z qarorini noqonuniy xatti-harakatlar haqidagi ayblovlarni rad etgan holda, barqarorlik va demokratik institutlarni saqlab qolish zarurligi bilan izohladi.
Bir kun oldin Kongress quyi palatasi impichment jarayonini boshlash uchun ovoz bergan edi. Prezidentni lavozimidan chetlashtirish qarorini o‘zining partiyasi deputatlari ham qo‘llab-quvvatladi. Davlat rahbari lavozimini endilikda vitse-prezident Pedro Alliana egallashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Santyago Penya 2023-yilda prezident etib saylangan edi. U 2025-yil 11–13-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib, poytaxtning qator diqqatga sazovor obyektlariga tashrif buyurgan edi.
“AFP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi