O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqildi

Iyun 16, 2026. 13:40 • 2 daq

87
O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari hamkorlikning yangi bosqichiga olib chiqildi

TOSHKЕNT, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Ko‘ksaroy qarorgohida bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini, uning ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini qayd etdi.

Siyosiy muloqot va turli darajadagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Tovar ayirboshlashni kengaytirishga, agrosanoat majmui, “yashil” energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim sohalarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston mahsulotlarini Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga chiqarishda logistika xabi sifatida Albaniyaning Durres portidan foydalanish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida Hukumatlararo komissiyani tashkil etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar sohada tomonlar o‘zaro Madaniyat kunlari, kino namoyishlari, ko‘rgazma va ijodiy safarlarni tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish