Yaponiyaning Nagoya shahrida O‘zbekiston taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Iyun 16, 2026. 13:00 • 2 daq

62
Yaponiyaning Nagoya shahrida O‘zbekiston taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Yaponiyaning Nagoya shahrida O‘zbekiston taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Yaponiyaning Nagoya shahrida O‘zbekiston taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Yaponiyaning Nagoya shahrida O‘zbekiston taqdimoti bo‘lib o‘tdi

NAGOYA, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan Nagoya shahar meriyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston kuni. Hamkor shahar — Toshkentning maftunkorligi” mavzusida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nagoya xalqaro markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda mamlakatimizning boy madaniy merosi, ko‘p asrlik tarixi, Amir Temur va Temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan qadimiy shaharlarimizning betakror me’morchiligi haqida ma’lumotlar berildi, maxsus videolavhalar namoyish qilindi. Ishtirokchilarga Toshkent shahrining bugungi zamonaviy qiyofasi, iqtisodiy taraqqiyoti va sayyohlik salohiyati haqida ham ma’lumot taqdim etildi.

Nagoya shahar meriyasi vakili Miyuki Satake Toshkent va Nagoya shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik 2019-yilda imzolangan sheriklik kelishuvidan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, Nagoyada Toshkentni targ‘ib qiluvchi avtobuslar yo‘nalishlarga chiqarilgan. Bundan tashqari, shaharda o‘zbek milliy taomlari restoranlari va milliy mahsulotlar do‘konlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Tadbirda Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning sobiq vakili Yasuaki Mori ishtirok etib, O‘zbekistondagi faoliyati davomida o‘zbek yoshlarining bilimga, xususan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va robototexnikaga bo‘lgan yuqori qiziqishi unda katta taassurot qoldirgani xususida so‘z yuritdi.

Anjuman doirasida kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi namunalari va milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Nagoyalik mehmonlarda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining tarixiy obidalari katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomi – palov tortiq etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish