Gdanskda O‘zbekiston–Polsha hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi
Iyun 16, 2026. 14:30 • 2 daq
• 48GDANSK, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning Gdansk shahrida ikki mamlakatning davlat tuzilmalari, ishbilarmon doiralari va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirokida O‘zbekiston–Polsha hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari, “IT Park Uzbekistan” vakillari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Polsha tomonidan Milliy savdo palatasi vitse-prezidenti Andjey Shumovskiy, Pomore voyevodligi marshali o‘rinbosari Adam Gavrilik, Pomore voyevodligining sobiq voyevodasi Dariush Drelix, deputatlar va mintaqaning yetakchi kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Forum davomida O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va IT sohasidagi imkoniyatlari, yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari hamda so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari taqdim etildi.
Xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, transport-logistika infratuzilmasi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Adam Gavrilik mintaqa O‘zbekiston bilan sanoat, logistika, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Andjey Shumovskiy Polsha biznesining Markaziy Osiyodagi asosiy iqtisodiy hamkorlardan biri va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun istiqbolli maydon sifatida O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.
Forum doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari va “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatiga bag‘ishlangan videomateriallar namoyish etildi.
Anjuman doirasida B2B va G2B formatlarida muzokaralar o‘tkazilib, ularning yakunida bir qator o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





