O‘zbekiston va Buyuk Britaniya xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi
Noyabr 04, 2026. 10:00 • 2 daq
• 258
LONDON, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan “Hamroh” kompaniyasining xalqaro investitsiyalar va strategik hamkorlik bo‘yicha bosh direktori o‘rinbosari Sardor Yusupov hamda Buyuk Britaniyaning “Cherie Blair Foundation for Women” (CBFW) xalqaro xayriya tashkiloti direktori Keyt Malxern o‘rtasida onlayn-uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv chog‘ida o‘zbek tomoni O‘zbekiston Prezidenti qaroriga muvofiq xotin-qizlar tadbirkorligini tizimli qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-yilda tashkil etilgan “Hamroh” kompaniyasi faoliyati haqida ma’lumot berdi. Kompaniya ayollarga tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznesni tashkil etish va rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish, bandlikni oshirish hamda yangi bozorlarga chiqishda yaqindan yordam beradi.
Keyt Malxern fondining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, xususan, rivojlanayotgan mamlakatlarda ayol tadbirkorlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslari haqida so‘zlab berdi. Fond ta’lim va moliyaviy resurslardan foydalanishni yengillashtirish, shuningdek, raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirishga ko‘maklashadi.
Muloqot chog‘ida tashkilotning xalqaro tashabbuslari, jumladan, BMT tuzilmalari bilan hamkorlikdagi loyihalariga alohida e’tibor qaratildi. Fond xotin-qizlar biznesini qo‘llab-quvvatlash doirasida “HerVenture” mobil ilovasi kabi raqamli vositalarni ham joriy etib kelmoqda.
Tomonlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini, shu jumladan, yosh ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, murabbiylik dasturlarini ishga tushirish hamda trenerlarning malakasini oshirish uchun mahorat kurslarini tashkil etish masalalarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganib chiqish va muntazam ishbilarmonlik aloqalarini davom ettirishga kelishib oldilar.
CBFW fondiga 2008-yilda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Blerning turmush o‘rtog‘i Sheri Bler tomonidan asos solingan bo‘lib, uning qarorgohi London shahrida joylashgan. Bugungi kunda mazkur tashkilot Afrika, Osiyo, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasining 100 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritib, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi