O‘zbekiston va Misr suv resurslari sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Sentabr 10, 2026. 10:30 • 2 daq
• 30
QOHIRA, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Misr suv resurslari va sug‘orish vaziri Hani Sevilam bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi, shuningdek, o‘nlab fermer va tadbirkorlarning 14-20-sentabr kunlari Misrga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Vazir, shuningdek, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish va Misrning suv resurslarini boshqarish tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, u O‘zbekistonning suv xavfsizligini taʼminlash borasidagi tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirdi.
Hani Sevilam 2009-yilda ikki mamlakat suv xo‘jaligi idoralari o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga amaliy tus berish zarurligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kungacha hamkorlik asosan xalqaro forumlar doirasida cheklanib qolgan edi.
Misr tomoni “Irrigatsiya 2.0” konsepsiyasi doirasida suv xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni, jumladan, fermerlarning imkoniyatlarini inobatga olgan holda sug‘orishni turli darajada avtomatlashtirishni ko‘zda tutuvchi “Smart Irrigation” loyihasini va suv resurslarini boshqarishda sunʼiy intellektdan foydalanish tajribasini taqdim etdi.
Uchrashuv yakunida vazir O‘zbekiston delegatsiyasining bo‘lajak tashrifini yuqori darajada tashkil etish uchun zarur amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi