O‘zbekistonda Turkiya tajribasi asosida bolalar reabilitatsiya markazi qurish rejalashtirilmoqda

Sentabr 08, 2026. 20:22 • 2 daq

284
O‘zbekistonda Turkiya tajribasi asosida bolalar reabilitatsiya markazi qurish rejalashtirilmoqda

ANQARA, 8-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Turkiyaning “Avrupa Çocuk” bolalar reabilitatsiya markazi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekistonda bolalarni kompleks reabilitatsiya qilishning turk modeli asosida muassasa tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Bu masala Istanbulda bolalar uchun zamonaviy ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan yangi loyiha doirasida ko‘rib chiqildi.

Agentlik vakillari 2010-yildan buyon nogironligi bo‘lgan va rivojlanishida turli o‘ziga xosliklarga ega bolalarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Avrupa Çocuk” markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Hozirda markaz autizm spektri buzilishlari, harakat funksiyalari, mayda motorika, nutq va kognitiv rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar bilan ishlaydi.

Maydoni qariyb 3 ming kvadrat metr bo‘lgan markaz bir oyda 1,4 ming nafargacha bolaga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Istanbulda uning 13 ta filiali faoliyat yuritadi. Turkiya Milliy taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan tegishli dasturlar doirasida bolalar va ularning oilalariga xizmatlar bepul taqdim etiladi.

Turkiya modelining asosiy jihatlaridan biri individual yondashuvdir. Dastlabki tekshiruvdan so‘ng mutaxassislar bolaning ehtiyojlarini aniqlab, unga mos reabilitatsiya va taʼlim dasturini ishlab chiqadi, rivojlanish dinamikasi esa muntazam baholab boriladi.

Ushbu jarayonga fizioterapevtlar, logopedlar, psixologlar va pedagoglar jalb qilinadi. Qo‘llaniladigan usullar orasida sensor integratsiya, nutq va jismoniy terapiya, mustaqillik va kundalik hayot ko‘nikmalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan maxsus dasturlar mavjud.

Tomonlar ota-onalar bilan ishlash, ularning reabilitatsiya jarayonidagi ishtiroki va bolaning yangi muhitga moslashuvi masalalarini ham muhokama qildi.

Tashrif yakunlariga ko‘ra, Turkiya tajribasi O‘zbekistonda bolalar reabilitatsiyasi tizimini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Kelajakdagi loyihaning aniq parametrlari keyingi hamkorlik doirasida aniqlanishi ko‘zda tutilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish