O‘zbekiston va Serbiya 2026–2028-yillarda mo‘ljallangan sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini qabul qildi

Sentabr 08, 2026. 09:30 • 3 daq

105
O‘zbekiston va Serbiya 2026–2028-yillarda mo‘ljallangan sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini qabul qildi

TOSHKENT, 8-sentabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Belgrad shahrida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Serbiya halqaro iqtisodiy aloqalar bo‘yicha vaziri Nenad Popovich hamraisligida O‘zbekiston–Serbiya iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilishda tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek hududlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Prezidentining Serbiyaga ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi ilk tashrifi sheriklikning yangi bosqichini boshlab berishi ta’kidlandi. Komissiya faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasini aniq iqtisodiy yechimlar bilan mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim hamda investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimning kuchga kirgani ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratmoqda.

O‘zaro savdo masalalari muhokamasi chog‘ida uning bugungi hajmi ikki mamlakat iqtisodiyotlari salohiyatiga hali to‘liq mos kelmasligi qayd etildi. Savdoni yanada liberallashtirish maqsadida Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun ishchi guruh tuzishga oid Qo‘shma deklaratsiya imzolashga tayyorlandi. Mazkur mexanizm tovarlar va xizmatlarning o‘zaro yetkazib berilishi uchun yanada qulay shart-sharoitlarni shakllantirish hamda tovar ayirboshlash hajmini oshirishga qo‘shimcha turtki berishga xizmat qiladi.

Tomonlarning tarmoq ustuvorliklari o‘zaro mos kelishini hisobga olgan holda, yetkazib berish hajmini oshirishni qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish bilan uyg‘unlashtirish belgilandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi o‘nta korxona faoliyat yuritmoqda. Butlovchi qismlar va dori vositalarini mahalliylashtirish, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, urug‘chilik, bog‘dorchilik va sutni qayta ishlash sohalarida hamkorlik imkoniyatlari belgilab olindi. Texnologik kun tartibidan kritik minerallar, raqamli geologiya, sun’iy intellekt, 5G aloqa texnologiyalari va eksportga yo‘naltirilgan IT-loyihalar o‘rin odi.

Yuk tashuvlarini soddalashtirish maqsadida ruxsatnomalar va dastlabki bojxona ma’lumotlarini elektron shaklda almashish, shu orqali qog‘oz hujjatlar aylanishini qisqartirish taklif etildi. Infratuzilma sohasida O‘zbekiston tomonining Serbiya temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilishda, jumladan 200 kilometrlik uchastkani qurishda ishtirok etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga tashkil etilgan O‘zbekiston–Serbiya Ishbilarmonlar kengashi ko‘maklashadi. Ikki mamlakat mahsulotlari va investitsiyaviy takliflarini taqdim etish, hamkorlarni izlash hamda tarmoqlararo hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun xalqaro ko‘rgazma maydonchalari salohiyatidan foydalanish va qo‘shma biznes tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ana shunday tadbirlardan biri 2027-yilda Belgradda bo‘lib o‘tadigan EKSPO 2027 ko‘rgazmasi bo‘ladi.

Iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda, ishtirokchilar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuvlar, madaniyat va turizm, mehnat migratsiyasi va ijtimoiy himoya sohalaridagi hamkorlikni ham muhokama qildilar. Toshkent va Belgrad, Samarqand va Novi-Sad shaharlari, shuningdek Samarqand viloyati va Voyevodina Avtonom o‘lkasi o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi. Hududlararo hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro tashriflar jadvalini tasdiqlash taklif etildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha 2026–2028-yillarda sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi. Komissiyaning ikkinchi yig‘ilishini 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish