Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi

Noyabr 02, 2026. 20:30 • 2 daq

• 221
Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi

KUALA-LUMPUR, 2-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev “Farmasia Sdn Bhd” kompaniyasi rahbarlari Muhammad Zaid Ab Rahmon va Zoxrax Razak bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda yurtimiz farmatsevtika sanoatiga Malayziyadan zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar suhbat davomida kompaniya mahsulotlari – parvarishlash va gigiyena vositalarini O‘zbekistonda hamkorlikda ishlab chiqarish istiqbollari xususida fikr almashdi.

Kompaniya rahbarlari O‘zbekistonda bosqichma-bosqich qadoqlash ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish orqali mintaqaning jadal rivojlanayotgan bozoriga kirib borish va sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.

Rejaga ko‘ra, 1-bosqichda jarohatlarni parvarishlash uchun mo‘ljallangan vositalar va gellardan mintaqa bozoriga mos keladiganlari tanlab olinib, marketing tadqiqotlari yo‘lga qo‘yiladi. 2-bosqichda ikkilamchi qadoqlash bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarish quvvatlari (ISO standartlari asosida) tashkil etiladi.

Yetkazib berish tarmog‘ini takomillashtirish, davlat xaridlarida (tenderlarda) ishtirok etish, qadoqlash quvvatlarini oshirish orqali O‘zbekiston hududlariga mahsulotlarni tarqatish ishlari 3-bosqichda amalga oshiriladi.

Navbatdagi bosqichda mahalliy tayyorlash (formulyatsiya) va aralashtirish (kompaunding) jarayonlarini yo‘lga qo‘yish, Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga chiqish ko‘zda tutilgan.

2007-yilda tashkil etilgan “Farmasia Sdn Bhd” kompaniyasi o‘z faoliyatini shifoxonalar, klinikalar va sog‘liqni saqlash muassasalariga tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish bilan boshlagan. Hozirda kompaniya yaralarni parvarishlash mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish