O‘zbekiston va Yaponiya turistik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi
Oktabr 30, 2026. 12:30 • 2 daq
• 125
TOKIO, 30-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (JATA) raisi, “Kaze Travel Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Yudzi Xara bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning turistik salohiyatini Yaponiyada keng targ‘ib qilish, yapon sayyohlari oqimini yanada oshirish hamda ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Yapon tomoni mamlakatimizning tarixiy shaharlari, milliy madaniyati va boy gastronomik merosi sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladi. Xususan, joriy yil iyun oyida yaponiyalik turistik kompaniyalar uchun tashkil etilgan tanishuv safari yuqori baholandi.
Uchrashuvda “Tourism EXPO Japan” ko‘rgazmasida faol ishtirok etish, milliy turistik mahsulotlarni yapon bozorida targ‘ib qilish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
2025-yilda O‘zbekistonga 32 mingdan ortiq Yaponiya fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida bu ko‘rsatkich 36 ming kishidan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53,3 foizga ko‘paydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi