Janubiy Koreyadagi xalqaro sammitda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish etildi

Oktabr 30, 2026. 10:00 • 3 daq

• 166
Janubiy Koreyadagi xalqaro sammitda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish etildi
Janubiy Koreyadagi xalqaro sammitda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish etildi
Janubiy Koreyadagi xalqaro sammitda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish etildi
Janubiy Koreyadagi xalqaro sammitda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish etildi

SЕUL, 30-oktabr. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan “Global City Tourism Summit” xalqaro sammitida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, turistik imkoniyatlari va zamonaviy turizm infratuzilmasi keng namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

30 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etgan nufuzli tadbirda shaharlar o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, barqaror turizmni qo‘llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda madaniy merosni asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.

Sammitning “Ambassadors' Session” sessiyasida O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sayyohlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar va xavfsizlikni ta’minlash choralari haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining tarixiy obidalari, madaniy merosi hamda turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish orqali koreyalik sayyohlar oqimini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

“Mayors' Roundtable” davra suhbatida Samarqand shahri hokimining o‘rinbosari Yunus Bobonazarov shaharning turizm sohasidagi yutuqlari va istiqboldagi rejalarini taqdim etdi.

Yunus Bobonazarovning qayd etishicha, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Samarqand viloyatiga 5 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.

Mazkur davr mobaynida viloyatda 120 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari foydalanishga topshirildi. Ziyorat turizmi infratuzilmasi takomillashtirilib, tog‘li hududlarda yangi dam olish maskanlari barpo etildi.

Sammitda Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo o‘rtasida turistik almashinuvlarni kengaytirish, tibbiy, madaniy va ta’lim turizmini rivojlantirish hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

“HanaTour” sayyohlik kompaniyasi vakili Xvan Son Okning ma’lum qilishicha, 2022–2026-yillarda kompaniya 30 mingdan ortiq janubiy koreyalik sayyoh uchun Markaziy Osiyoga safarlar uyushtirgan. Barcha safarlarning 98 foizi O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tadbir doirasida tashkil etilgan xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekistonning milliy hunarmandchiligi, madaniy merosi va zamonaviy turistik yo‘nalishlari namoyish qilindi.

O‘zbekiston stendiga tashrif buyurgan Pusan shahri Dongu tumani hokimi Kan Chxol Xo mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasidagi turizm va iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

O‘zbekistonning “Global City Tourism Summit”dagi ishtiroki xalqaro aloqalarni kengaytirish, Koreya bozorida milliy sayyohlik yo‘nalishlarini targ‘ib qilish hamda mintaqa shaharlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash imkonini berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish