Belarusdan O‘zbekistonga “Slavyan karvoni”ning ikkinchi yuk poyezdi yo‘lga chiqdi
Avgust 05, 2026. 10:02 • 2 daq
• 247
ORSHA, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. “Slavyan karvoni” loyihasi doirasida Orsha-Vostochnaya stansiyasidan “Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘yicha 3-avgust kuni ikkinchi yuk poyezdi jo‘natildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Belarus temir yo‘llari” matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, poyezdga qariyb 4 ming tonna yog‘ochni qayta ishlash sanoati va oziq-ovqat mahsulotlari yuklangan. Ushbu mahsulotlar nafaqat O‘zbekistonga, balki qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistonga ham yetkazib beriladi.
Ayni paytda, 30 iyul kuni yo‘lga chiqqan birinchi yuk poyezdi 4 ming kilometrlik masofaning qariyb 2,5 ming kilometrini bosib o‘tib, Qozog‘iston hududi orqali harakatlanmoqda.
“Belarus temir yo‘llari” vakillarining taʼkidlashicha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi oziq-ovqat, kimyo, qurilish materiallari, yog‘ochni qayta ishlash hamda mashinasozlik mahsulotlari eksportchilari uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Shuningdek, u O‘zbekiston orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bozorlariga chiqishni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, “Slavyan karvoni” loyihasi doirasidagi birinchi yuk poyezdi 8–9 iyul kunlari Minsk shahrida O‘zbekiston Prezidentining rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amaliy ro‘yobga chiqarish doirasida yo‘lga qo‘yilgan edi.
“Belarus temir yo‘llari” saytidan olingan
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi