O‘zbekiston va Norvegiya raqamli xizmatlarini Skandinaviya, Yevropa, AQSH IT-bozoriga eksport qilish imkoniyati ko‘rib chiqildi

Avgust 03, 2026. 09:00 • 2 daq

206
O‘zbekiston va Norvegiya raqamli xizmatlarini Skandinaviya, Yevropa, AQSH IT-bozoriga eksport qilish imkoniyati ko‘rib chiqildi

OSLO, 3-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari hamda Norvegiyaning “Resilienza Holding AS” kompaniyasi bosh direktori Devid Milanovich ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida AKT sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda Norvegiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Jizzax viloyatidagi IT-park rezidenti sifatida tashkil etilgan “Varde Group” norveg kompaniyasi faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish, uning tashkiliy-huquqiy masalalarini hal etish hamda raqamli xizmatlarni Skandinaviya, Yevropa va AQSH bozorlariga eksport qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda zamonaviy data-markaz barpo etish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida loyihaning texnik, infratuzilmaviy va investitsiyaviy jihatlarini batafsil o‘rganish, tegishli takliflar almashish hamda muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish