“Hindiston–O‘zbekiston” biznes-forumida ikki davlat iqtisodiy sherikligining istiqbollari belgilab olindi

Avgust 04, 2026. 17:30 • 3 daq

160
“Hindiston–O‘zbekiston” biznes-forumida ikki davlat iqtisodiy sherikligining istiqbollari belgilab olindi
“Hindiston–O‘zbekiston” biznes-forumida ikki davlat iqtisodiy sherikligining istiqbollari belgilab olindi

DEHLI, 4-avgust, /“Dunyo” AA/. Dehlida Hindiston–O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu forum mamlakatimiz elchixonasi, Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI), “Invest India” milliy agentligi hamda ikki davlatning sanoat va savdo vazirliklari hamkorligida tashkil etildi. Unda ikki mamlakat davlat tuzilmalari, investorlari va ishbilarmon doiralarining 250 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi biznes-delegatsiya Hindiston savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal bilan o‘zaro munosabatlarni yana-da kengaytirish masalalari yuzasidan fikr-mulohaza almashdi.

Biznes-dastur doirasida ikki tomonlama savdoni rivojlantirish istiqbollari, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga bag‘ishlangan yalpi sessiya va taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Sog‘liqni saqlash, energetika, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik va tog‘-kon sanoati sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.

Hindistonlik ishbilarmonlarga O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish, jumladan, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va mamlakatning turli hududlarida investitsiya tashabbuslarida ishtirok etish imkoniyatlari taqdim etildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1,3 milliard AQSH dollaridan oshganini taʼkidladi. “Bu, albatta, yutuq, biroq bu hali ham ikki mamlakat iqtisodiyotlari ega bo‘lgan salohiyatdan ancha past”, – dedi Laziz Kudratov. Shuningdek, vazir tadbirkorlarga kelgusi yillarda savdo hajmini 3–5 milliard dollarga yetkazish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishni taklif qildi.

O‘z navbatida, savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal Hindiston–O‘zbekiston munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini taʼkidlab, hind tomoni iqtisodiy hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

“Iqtisodiyotlarimiz ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldiradi. Masalan, O‘zbekiston paxta ishlab chiqarishda katta salohiyatga ega, Hindiston esa to‘qimachilik sanoatida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda”, – dedi vazir. Uning taʼkidlashicha, bunday afzalliklarning uyg‘unligi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish va sanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston va Hindiston biznes vakillari hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatib, o‘z korxonalari faoliyati haqida maʼlumot almashdilar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Shu tariqa, tomonlar ikki davlat iqtisodiy hamkorligini izchil rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini taʼkidlab, istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish