O‘zbekiston va Italiya ekologik ekspertizada sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi

Iyun 05, 2026. 10:55 • 2 daq

59
O‘zbekiston va Italiya ekologik ekspertizada sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi
O‘zbekiston va Italiya ekologik ekspertizada sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi

SAMARQAND, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Davlat ekologik ekspertizasi markazi bilan Atrof-muhitga ta’sirni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IAIA Italiya bo‘limi) o‘rtasida atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimiga sun’iy intellektni joriy etish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu hujjat milliy ekologik ekspertiza va atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni izchil joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Imzolash marosimida Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori G‘ayrat Muhamedov, IAIA Italiya bo‘limi prezidenti Juzeppe Magro hamda Italiya Atrof-muhit va energetika xavfsizligi vazirligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari ishtirok etdi.

Memorandum IAIA tomonidan ilgari surilayotgan hamda sun’iy intellekt va Ekologik boshqaruv platformasi (Environmental Governance Platform – EGP) qo‘llanilishiga asoslangan “Permitting 5.0” xalqaro konsepsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur tizim xalqaro standartlarga muvofiq atrof-muhitga ta’sirni baholash tartib-taomillarining shaffofligi, sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgandir.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sirasiga ekologik hujjatlar tahlilini avtomatlashtirish, loyihalarni dastlabki baholash va atrof-muhitga umumiy ta’sirni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt vositalarini Markazning amaldagi raqamli tizimiga integratsiya qilish; yangi texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish; xalqaro tajribani inobatga olgan holda sun’iy intellektni ekologik baholashga joriy etishning milliy metodologiyasini ishlab chiqish; shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar uchun xalqaro treninglar, vebinarlar va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish kiradi.

Besh yil muddatga imzolangan memorandum tomonlarning ekologik boshqaruvni raqamlashtirish sohasidagi uzoq muddatli strategik maqsadlari mushtarakligini aks ettiradi.

Ushbu tashabbusning ro‘yobga chiqarilishi O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi investitsiya muhitini takomillashtirishga hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarga nisbatan xalqaro ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish