Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi rasman boshlandi

Iyun 04, 2026. 20:55 • 4 daq

64
Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi rasman boshlandi
Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi rasman boshlandi
Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi rasman boshlandi
Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi rasman boshlandi
Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi rasman boshlandi
Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi rasman boshlandi
Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi rasman boshlandi

SAMARQAND, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Samarqandda Global ekologik fondning (GEF) VIII Assambleyasi rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda dunyoning 186 mamlakatidan vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralar vakillari, olimlar, fuqarolik jamiyati, yoshlar hamda mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning assambleya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi.

Davlat rahbari murojaatida anjumanning aynan asrlar davomida Sharq va G‘arb, turli madaniyat va sivilizatsiyalar, ilm-fan va amaliy bilimlar tutashgan maskan hisoblangan Samarqandda o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Assambleyaning Butunjahon atrof-muhit kuni arafasida o‘tayotgani ham qayd etildi.

Prezident iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi va atrof-muhit ifloslanishini o‘z ichiga olgan zamonamizning misli ko‘rilmagan ekologik muammolariga e’tibor qaratdi. Faoliyati davomida butun dunyo bo‘ylab ekologik loyihalarni amalga oshirish uchun 170 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ni safarbar etgan Global ekologik fondning muhim o‘rni ta’kidlandi.

Murojaatda Markaziy Osiyodagi ekologik tahdidlarga alohida e’tibor qaratilgan. Iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish, yerlarning tanazzuli, muzliklarning erishi va suv resurslari tanqisligi mintaqa uchun asosiy muammolar bo‘lib qolayotgani qayd etildi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Markaziy Osiyodagi 37 millionga yaqin aholi kuchli suv tanqisligi sharoitida yashamoqda, 2050-yilga borib esa bu ko‘rsatkich 75 million kishiga yetishi mumkin.

Davlat rahbari Yangi O‘zbekiston ekologik transformatsiyani taraqqiyotning yangi modeli sifatida ko‘rayotganini ta’kidladi. Mamlakatda atmosfera havosini muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan beshta milliy loyiha amalga oshirilmoqda.

2030-yilgacha bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar qatoridan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini mamlakat hududining 21 foizigacha kengaytirish, atmosferaga zararli chiqindilar hajmini 10,5 foizga qisqartirish, respublikaning barcha hududlarida dendrologik va botanika bog‘larini tashkil etish o‘rin olgan.

Murojaatda chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasi rivojlantirilayotgani qayd etildi. Joriy yilda O‘zbekistonda chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi ikkita korxonani, keyingi ikki yil ichida esa yana to‘qqizta obyektni ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu yiliga 5,5 million tonnagacha chiqindini qayta ishlash va issiqxona gazlari chiqindilarini 1,1 million tonnaga kamaytirish imkonini berishi kutilmoqda.

Ekologik ta’lim va fan masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “Green University” negizida 10 ta ilmiy-tadqiqot instituti va markazi hamda 14 ta “yashil” texnikum birlashtirildi. Mamlakatda ikki millionga yaqin yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlandi.

Murojaatning katta qismi Orolbo‘yini tiklashga bag‘ishlandi. O‘zbekiston hududni tiklanish, ilm-fan va innovatsiyalar makoniga aylantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani ta’kidlandi. Xususan, ikki million gektardan ortiq tanazzulga uchragan yerlarni tiklash ishlari olib borilmoqda.

Prezident qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiya va innovatsiyalari poytaxti” deb e’lon qilish, Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda Ulug‘bek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot institutini, shuningdek, Iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya milliy markazini tashkil etish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlariga tashkil etilishi avvalroq Qozog‘iston Prezidenti bilan kelishilgan “Toza havo” davlatlararo konsorsiumiga qo‘shilish taklif qilindi. Konsorsium ekologik monitoringni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va “yashil” moliyalashtirishni jalb qilishga hissa qo‘shishi ko‘zda tutilmoqda.

Davlat rahbari O‘zbekistonning Global ekologik fondning donor mamlakatlari qatoriga qo‘shilishga tayyorligini ma’lum qildi hamda mintaqaviy ekologik tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlash niyatini bildirdi.

Ochilish marosimida, BMT bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Inger Andersen Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari ijrochi kotibi Rolf Payet hamda GEF bosh direktori va strategiya va operatsiyalar bo‘yicha rahbar Klod Gaskon ham so‘zga chiqdi.

Tadbir ishtirokchilari global ekologik muammolarga samarali javob qaytarish uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni birlashtirish va iqlimni moliyalashtirishni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Global ekologik fondning VIII Assambleyasi o‘z ishini Samarqandda yalpi majlislar, mavzuga oid forumlar hamda barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikni saqlash va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar shaklida davom ettiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish