“Associated Press of Pakistan”: O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi kompleks transport-logistika hamkorligi strategik ahamiyatga ega
Iyun 05, 2026. 10:25 • 2 daq
• 79
ISLOMOBOD, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “Associated Press of Pakistan” axborot agentligi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi transport aloqalariga bag‘ishlangan maqolani e’lon qildi.
“Jahon iqtisodiyoti rivojlanishining hozirgi bosqichi xalqaro ta’minot zanjirlarining keng miqyosda o‘zgarishi va geosiyosiy beqarorlikning kuchayishi bilan tavsiflanadi, – deyilgan nashr avvalida. – Mazkur jarayonlar Yevroosiyo davlatlari uchun alohida dolzarblik kasb yetadi. Bu borada tranzit yo‘laklarining yangi me’morchiligida asosiy bo‘g‘in vazifasini o‘tayotgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi kompleks transport-logistika hamkorligi strategik ahamiyatga ega”.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi yuk tashishning umumiy hajmi 18,2 million tonnani tashkil yetib, o‘tgan yilga nisbatan 13,6 foizga oshdi. Tashuvlar tarkibida eksport 3,6 million tonnani, import – 9,2 million tonnani, tranzit esa – 5,4 million tonnani tashkil qildi.
Yo‘lovchi tashish bo‘yicha temiryo‘l sohasida “Toshkent – Moskva” va “Toshkent – Qozon” yo‘nalishlarida qatnovlar to‘liq tiklandi. Kun tartibida Andijondan Moskvaga poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish hamda ikki mamlakatning sayyohlik markazlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l aloqasini tashkil yetish masalasi turibdi.
“Avtomobil tashuvlarini rivojlantirish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, avtomobilda yuk tashish hajmi 5,2 mln. tonnadan oshib, 16,5 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi. Toshkentdan Novosibirsk, Qozon, Perm, Krasnodar, Ufa, Moskva va Sankt-Peterburgga muntazam avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi. 2026–2028-yillarda Nijniy Novgorod, Tyumen va Yekaterinburgga yo‘nalishlar ochish rejalashtirilgan”, – deya qayd etilgan manbada.
Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi aviatsiya aloqalari sohasida ham salmoqli natijalarga erishilgani ham e’tirof etilgan. Ta’kidlanishicha, 2025-yilda 34 mingdan ortiq ikki tomonlama aviaqatnov amalga oshirilib, 4,8 foizlik o‘sishga erishildi va 4,2 mln. dan ziyod yo‘lovchi tashildi. Bugungi kunda parvozlar haftasiga 340 ta reys chastotasi bilan bajarilmoqda. Ularda Rossiyaning 45 dan ortiq aviakompaniyasi hamda O‘zbekistonning yetakchi aviatashuvchilari ishtirok yetmoqda.
“Associated Press of Pakistan” axborot agentligi tarqatgan maqola yakunida yozilganidek, Rossiya-O‘zbekiston hamkorligi transport va logistika sohasida to‘laqonli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Transportning barcha turlarini sinxron rivojlantirish, chuqur sanoat kooperatsiyasi va yangi tranzit yo‘nalishlarini birgalikda qurish Katta Yevroosiyo bo‘ylab iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qodir bo‘lgan Yevroosiyo bog‘liqligining mustahkam poydevorini shakllantirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Pokiston OAV: Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi strategik maydonga aylanmoqda

“Lookwe”: O‘zbekiston mintaqaviy gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda


