Eldor Aripov: Termiz muloqoti amaliy tashabbuslarni ishlab chiqish va barcha darajalarda ishonchni mustahkamlashda o‘zining samaradorligini isbotladi
Iyun 04, 2026. 15:25 • 4 daq
• 122TOSHKЕNT, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahrida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi o‘z ishini boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir “Tinchlik, bog‘liqlik, barqarorlik: umumiy farovonlik asosini shakllantirish” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov forumni ochar ekan, Termiz muloqoti Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash borasidagi tashabbusining amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi..
Uning ta’kidlashicha, ushbu strategik g‘oya xalqaro hamjamiyat tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, BMT Bosh Assambleyasining 2022-yilda qabul qilingan maxsus rezolyutsiyasida o‘z aksini topgan. Hujjat transmintaqaviy yaqinlashuv uchun uzoq muddatli xalqaro-huquqiy asos yaratib, ushbu jarayon Yevroosiyo makonida barqaror rivojlanishning muhim omili sifatida qayd etilgan.
Institut rahbari Termiz muloqoti ushbu kun tartibini ilgari surishning amaliy mexanizmiga aylanganini alohida qayd etdi. Uning mohiyati davlatlararo munosabatlarni o‘zaro manfaatdorlik, yaxshi qo‘shnichilik va preventiv diplomatiya tamoyillari asosida izchil yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
Eldor Aripov ushbu maydonning o‘ziga xosligiga alohida e’tibor qaratar ekan, Termiz muloqoti inklyuziv xususiyatga ega bo‘lib, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlar hamjamiyati, ishbilarmon doiralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini birlashtirishini qayd etdi.
Eldor Aripov Termiz muloqoti doirasidagi faoliyatning birinchi yil yakunlarini tahlil qilib, birgalikdagi sa’y-harakatlar sezilarli natijalar berayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Termiz muloqoti hukumatlardan tortib fuqarolik jamiyati institutlarigacha bo‘lgan barcha darajada amaliy tashabbuslarni ishlab chiqish va ishonchni mustahkamlashda o‘z samaradorligini isbotladi.
Institut direktori Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi kun tartibiga to‘xtalar ekan, anjuman hamkorlikning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgani va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadigan asosiy yo‘nalishlarni qamrab olishini ta’kidladi.
Eng avvalo, muhokamalar markazida siyosiy muloqot va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari turibdi. Ushbu mavzu Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan alohida sessiya kun tartibiga kiritilgan.
Ekspertning ta’kidlashicha, bunday hamkorlik umumiy yondashuvlarga asoslangan. Ya’ni, Termiz muloqoti taraqqiyot va konstruktiv muloqot orqali barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, bu OHICHK missiyasi bilan uyg‘undir.
Sessiya doirasida mintaqada iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashning asosiy yo‘nalishlari sifatida savdoni kengaytirish, transport yo‘laklarini rivojlantirish va energetika sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, SMTI rahbarining aytishicha, iqtisodiyot nafaqat o‘sish omili, balki xavfsizlik elementi bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlatlarning iqtisodiy manfaatlar va ishlab chiqarish zanjirlari orqali o‘zaro bog‘liqligi mojarolar va keskinlik ehtimolini kamaytiradi. Termiz muloqoti doirasida aynan shu yondashuv izchil ilgari surilmoqda.
Anjumanda iqlim barqarorligi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Markaziy va Janubiy Osiyo iqlim o‘zgarishi ta’siriga eng zaif bo‘lgan mintaqalardan hisoblanadi. Ekologik muammolar esa transchegaraviy xususiyatga ega bo‘lib, kelishilgan harakatlarni talab qiladi.
Spiker madaniy-gumanitar hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etishiga urg‘u berdi. Mintaqalarning o‘zaro bog‘liqligi umumiy tarix, ma’naviy an’analar va ko‘p asrlik madaniy aloqalarga tayanadi. Shu bois, mintaqalar o‘rtasida shakllangan tarixiy aloqalarni tiklash va mustahkamlash asosiy vazifalardan hisoblanadi.
Eldor Aripov so‘zining yakunida forum natijalari yakuniy Kommyunikeda o‘z aksini topib, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
– Bugun Yevroosiyoga yangi ajratuvchi chiziqlar emas, balki ishonch, umumiy taraqqiyot va ochiq muloqot makoni kerak. Termiz muloqoti aynan shu birlashtiruvchi missiyani bajarishga qaratilgan, – dedi Eldor Aripov.
Anjuman O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan OHICHK bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Janubiy Kavkaz, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerikadan 150 dan ortiq siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Muloqot hamkorlari va ishtirokchilari orasida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi, shuningdek yetakchi “aql markazlari”, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tinchlikparvar tuzilmalar, shu jumladan Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, Progressiv islohotlar markazi, Konrad Adenauer jamg‘armasi, Bergxof jamg‘armasi, PeaceNexus, Search for Common Ground, Jorjtaun universiteti va boshqa tashkilotlar bor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Bahromjon A’loyev: Global noaniqlik kuchayib borayotgan sharoitda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega

Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi boshlandi

Samarqandda IHTning atrof-muhit bo‘yicha oltinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Markaziy Osiyo ekologik faoliyati samaradorligining mintaqaviy sharhi bo‘yicha Samarqand bayonoti imzolandi


