O‘zbekiston zamonaviy yuqori texnologiyali sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaratish bo‘yicha Buyuk Britaniya tajribasini jalb qilmoqda

Noyabr 06, 2026. 13:00 • 2 daq

• 127
O‘zbekiston zamonaviy yuqori texnologiyali sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yaratish bo‘yicha Buyuk Britaniya tajribasini jalb qilmoqda

LONDON, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Buyuk Britaniyaning “Bupa Group” kompaniyasining strategiya va transformatsiya bo‘limi bosh direktori Daniel Keyns bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida Daniel Keyns “Bupa”ning xalqaro faoliyati, jumladan, tibbiy sug‘urta, shifoxonalar va klinikalar tarmog‘ini boshqarish, shuningdek, stomatologiya markazlari faoliyatidagi boy tajribasi haqida so‘zlab berdi.

Britaniya tomoniga, o‘z navbatida, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va tarmoqqa xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda tibbiyot turizmini rivojlantirish, davlat tibbiyot muassasalarini boshqaruviga xalqaro operatorlarni jalb qilish, shuningdek, xususiy tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish uchun mavjud imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Yangi Toshkent shahrida zamonaviy yuqori texnologik sog‘liqni saqlash infratuzilmasini barpo etish rejalari ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash sohasida Britaniyaning ilg‘or tajribasi va zamonaviy boshqaruv yechimlarini jalb qilish, shuningdek, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqish uchun muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

“Bupa Group” xalqaro sog‘liqni saqlash va tibbiy sug‘urta sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyadir. Unga 1947-yilda asos solingan bo‘lib, bosh qarorgohi London shahrida joylashgan. Kompaniya dunyo bo‘ylab 68 milliondan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. U tibbiy sug‘urta xizmatlarini taqdim etadi, klinikalar va shifoxonalar tarmog‘ini boshqaradi, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish