Germaniya “KfW” banki orqali O‘zbekistondagi 1400 dan ortiq tadbirkorni qo‘llab-quvvatladi

Noyabr 06, 2026. 11:30 • 2 daq

• 175
Germaniya “KfW” banki orqali O‘zbekistondagi 1400 dan ortiq tadbirkorni qo‘llab-quvvatladi

BЕRLIN, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya taraqqiyot banki (“KfW”) ishtirokida amalga oshirilgan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida O‘zbekistondagi 1400 dan ortiq tadbirkorlik subyektiga umumiy qiymati qariyb 50 million yevro miqdorida kredit ajratildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash” loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda tomonlar hamkorlik natijalarini sarhisob qilib, tadbirkorlarning moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, bank xizmatlarini takomillashtirish va kelgusidagi o‘zaro aloqalar istiqbollarini muhokama qildilar.

Germaniya tomonidan umumiy moliyalashtirish hajmi 29,8 million yevroni tashkil etdi. Shundan 26,8 million yevro imtiyozli kreditlar, 3 million yevro esa grant mablag‘lari sifatida taqdim etildi.

Dastur doirasida O‘zbekiston tijorat banklariga kredit mexanizmini tadbirkorlarning ehtiyojlariga moslashtirish, moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish va bank tartib-qoidalarini takomillashtirish borasida amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, biznes vakillari uchun faoliyatni rejalashtirish, moliyaviy boshqaruv va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha o‘quv kurslari hamda maslahatlar tashkil etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, “KfW” banki bilan hamkorlik O‘zbekiston hududlarida xususiy sektorni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilib, o‘zbek-german sherikligining amaliy natijalarini yaqqol namoyon etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish