O‘zbekiston va Pokiston bo‘lajak biznes-forumga tayyorgarlikning borishi va 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi ustida olib borilayotgan ishlarni muhokama qildi

Iyul 15, 2026. 20:26 • 2 daq

75
O‘zbekiston va Pokiston bo‘lajak biznes-forumga tayyorgarlikning borishi va 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi ustida olib borilayotgan ishlarni muhokama qildi

ISLOMOBOD, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi, sanoat va ishlab chiqarish vaziri Xarun Axtar Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifini tashkil etish va safar doirasida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Mazkur tadbir ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish va savdo aloqalarini kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi urg‘ulandi.

Shuningdek, safar davomida imzolanishi rejalashtirilgan ikki tomonlama hujjatlar, istiqbolli qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar aniq amaliy kelishuvlar ijrosini taʼminlash va tashrif yakunlari bo‘yicha samarali natijalarga erishish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar.

Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi Xarun Axtar Xon O‘zbekiston tomoni ilgari surgan takliflarni yuqori baholab, bo‘lajak tashrifni puxta tayyorlash va uni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish yuzasidan har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini tasdiqladi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqishni yakunlash hamda uni yaqin muddatlarda imzolash muhimligi alohida taʼkidlandi. Qayd etilganidek, mazkur hujjat o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish hamda o‘zaro biznes delegatsiyalar almashinuvini yanada jadallashlashtirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish