Varshavada O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Iyul 20, 2026. 10:00 • 2 daq

171
Varshavada O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

VARSHAVA, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan “davra suhbati” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Polsha Iqtisodiy taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH), Milliy savdo palatasi, “Polsha-Osiyo” savdo-sanoat palatasi hamda “Ptak Warsaw Expo” ko‘rgazmalar majmuasi rahbariyati va masʼul vakillari ishtirok etdilar. Anjuman davomida 2026 yilning birinchi yarmida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, yil yakuniga qadar mo‘ljallangan qo‘shma rejalar batafsil muhokama qilindi. Xususan, shu yilning iyun-iyul oylarida o‘zbek tadbirkorlari va rasmiy delegatsiyalarining Varshavaga tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini liberallashtirish va xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar polyak vakillari tomonidan yuqori baholandi.

Uchrashuvda Sanoat kooperatsiyasi, agrosanoat, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni faollashtirish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Tomonlar Varshava Toshkent uchun Yevropaga “darvoza”, O‘zbekiston esa Polsha uchun Osiyo bozoriga kirishda o‘ziga xos “xab” vazifasini bajarishi lozimligini alohida qayd etdilar.

Tadbir yakunida joriy yilning sentyabr oyida Katovitsada o‘tadigan “Future Mining Forum & Expo” xalqaro forumida O‘zbekiston vakillari ishtirokini tashkil etish, oktyabr oyida Polsha Milliy savdo palatasi prezidenti boshchiligida O‘zbekistonga biznes-missiya uyushtirish hamda 2026 yil yakuniga qadar Polsha Investitsiyalar va savdo agentligining Toshkentdagi vakolatxonasini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Polsha Milliy iqtisodiyot banki (BGK) moliyaviy instrumentlarini yurtimizdagi istiqbolli investitsiya loyihalariga yo‘naltirish hamda 2027-yilda Varshavada o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish belgilab olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish