O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari ilk bor JARdagi ko‘rgazmada namoyish etildi
Iyul 18, 2026. 12:30 • 2 daq
• 128KEYPTAUN, 18-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston to‘qimachilik sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Janubiy Afrika Respublikasida (JAR) o‘tkazilayotgan “AllFashion Sourcing Cape Town 2026” xalqaro ko‘rgazmasida ilk bor ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari Ruhullo Zikrillayev hamda elchixona diplomatlari qatnashdi. Ko‘rgazma 12 mamlakatdan qariyb 3 ming ishtirokchini birlashtirdi. Unda 150 ga yaqin kompaniya o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etdi.
Mamlakatimizning Qatardagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan tashrif davomida vakillarimiz 90 kvadrat metr maydonda milliy mahsulotlarimizni namoyish qildi. Unda to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan 10 ga yaqin mahalliy korxona, jumladan, “Mollis”, “Bonito Textiles” va “Sultontex” tomonidan tayyor kiyim-kechaklar, trikotaj mahsulotlari, paxta ip-kalasi, gazlamalar va boshqa mahsulotlar taqdim etildi.
Ishbilarmonlik dasturi doirasida JAR Milliy kiyim-kechak chakana savdo federatsiyasi (NCRF) ijrochi direktori Maykl Lourens hamda “Woolworths”, “Mr Price”, “Pepkor” kabi yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston korxonalari mahsulotlari janubiy afrikalik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Muzokaralar chog‘ida JAR bozoriga to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish, xaridlar va distributsiya sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy kompaniyalarning xalqaro sohaviy ko‘rgazmalarda ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




