Varshavada O‘zbekiston va Polsha savdo-iqtisodiy hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 10, 2026. 12:00 • 2 daq
• 93
VARSHAVA, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev Polsha Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda palata prezidenti Andjey Arendarskiy, vitse-prezident Andjey Shumovski hamda prezident maslahatchisi Yaroslav Podolski ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Polsha tomoni O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Muzokaralar davomida yaqin istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ikki tomonlama tadbirlar, biznes uchrashuvlar va delegatsiyalar almashinuvi masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, qo‘shma tadbirlar va biznes-missiyalarni tashkil etish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar mazkur muloqot O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish va ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasidagi amaliy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi