“El Mundo Financiero”: TIIF-2026 Markaziy Osiyoni investitsiya markaziga aylantiradi

Iyun 10, 2026. 13:00 • 3 daq

70
“El Mundo Financiero”: TIIF-2026 Markaziy Osiyoni investitsiya markaziga aylantiradi

MADRID, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashrida bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada ta’kidlanishicha, Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) Markaziy Osiyoning asosiy investitsiya platformasi sifatida mustahkamlanib, davlatlar, xalqaro investorlar va global biznes vakillarini birlashtirmoqda. Forum shunchaki muloqot maydoni emas, balki mintaqaning amaliy investitsiya kun tartibi shakllanadigan makon sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Forumning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, O‘zbekiston izchil ravishda nafaqat kapital jalb qila oladigan, balki Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishida uzoq muddatli qoidalar va yo‘nalishlarni belgilay oladigan mintaqaviy investitsiya markazi maqomini mustahkamlab bormoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumining ahamiyati nafaqat uning ko‘lami, balki ishtirokchilar uchun amaliy qiymati bilan ham belgilanadi. TIIF davlat va hukumat rahbarlaridan tortib, xalqaro moliya institutlari, suveren fondlar va yirik korporatsiyalar vakillarigacha bo‘lgan asosiy iqtisodiy va siyosiy qaror qabul qiluvchi shaxslarga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatini taqdim etadi.

Forum davlat, investorlar va biznes bir makonda jamlanadigan noyob muhitni shakllantirmoqda, bu esa umumiy muhokamalardan aniq hamkorlik formatlariga o‘tish imkonini beradi. TIIF doirasida B2B va B2G formatidagi uchrashuvlari faol rivojlantirilmoqda, ular investitsiya kelishuvlarini tuzish va yangi loyihalarni ishga tushirish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Nashrda yozilishicha, 2026-yil 16–18-iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan TIIF-2026 avvalgi yillar formatini saqlab qolgan holda yanada kengaytiradi va yuqori darajadagi siyosiy muloqot, biznes muzokaralari hamda sohaviy muhokamalarni o‘zida mujassam etadi. Forum dasturi davlat rahbarlari ishtirokidagi plenar yig‘ilish, panel sessiyalar, mavzuli pitch-taqdimotlar, shuningdek, mamlakatning sanoat va investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan kengaytirilgan ko‘rgazmani o‘z ichiga oladi.

TIIF-2026ning asosiy xususiyatlaridan biri – bir makonda siyosiy, moliyaviy va korporativ kapitalning noyob konsentratsiyasini shakllantiradigan yuqori darajadagi vakillik hisoblanadi. Forumda Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari yetakchilari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari rahbarlari ishtirok etadi.

Ishtirokchilar orasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD), Yevropa investitsiya banki (EIB), Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), shuningdek, suveren fondlar va eksport-kredit agentliklari vakillari bor. Bunday tarkib davlat islohotlari, global moliyaviy institutlar va xususiy kapital o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani ta’minlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish