O‘zbekiston va Suriya o‘rtasida savdo aylanmasini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Iyun 17, 2026. 16:00 • 2 daq
• 43
DAMASHQ, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohruh Gulyamov hamda Suriya Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Ayman Hamviyeh o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki davlat Savdo-sanoat palatalari raislari ham ishtirok etgan muzokaralarda o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, Savdo bo‘yicha O‘zbekiston–Suriya Hukumatlararo komissiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda asosiy eksport va import tovarlari to‘g‘risida ma’lumot almashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot chog‘ida o‘zbek tomoni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida mahsulotlar importida barcha davlatlarga nisbatan yagona va kamsitmaslik tamoyiliga asoslangan tashqi savdo siyosati yuritilayotganini ta’kidladi.
Suriya tomonining so‘roviga binoan, ularga O‘zbekistonning tashqi savdo salohiyatiga oid ingliz tilidagi maxsus axborot materiallari taqdim etildi. Savdo aylanmasini oshirish maqsadida tomonlar qo‘shma ko‘rgazma va yarmarkalarda faol ishtirok etishga kelishib oldi.
Muzokaralar davomida Hukumatlararo komissiya ishini tashkil etish bo‘yicha loyiha taklifini ishlab chiqish hamda joriy yilning sentyabr–oktyabr oylarida Suriya Iqtisodiyot va sanoat vazirining O‘zbekistonga rasmiy tashrifini uyushtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida O‘zbekiston–Suriya Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish belgilandi. Mazkur kengashning doimiy a’zolari sifatida ikki mamlakatdan qurilish materiallari, elektrotexnika, to‘qimachilik, yengil va qayta ishlash sanoati sohalarida faoliyat yurituvchi 20 tadan yirik kompaniya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi