Rimda O‘zbekiston va Italiya kompaniyalarini birlashtiruvchi "Business Matching" raqamli platformasi ishga tushirildi

Iyun 15, 2026. 11:00 • 2 daq

155
Rimda O‘zbekiston va Italiya kompaniyalarini birlashtiruvchi "Business Matching" raqamli platformasi ishga tushirildi
Rimda O‘zbekiston va Italiya kompaniyalarini birlashtiruvchi "Business Matching" raqamli platformasi ishga tushirildi

RIM, 15-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan “Cassa Depositi e Prestiti” (CDP) davlat investitsiya banki tomonidan ishlab chiqilgan “Business Matching Platform” raqamli platforma taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Italiya va O‘zbekiston uchrashuvi” deb nomlangan ushbu onlayn uchrashuvda Italiyaning yurtimizdagi elchixonasi, Italiya savdo agentligi, SACE eksport-kredit agentligi, SIMEST investitsiya agentligi, Italiyaning yirik sanoat kompaniyalari konfederatsiyasi, CDP banki vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimiz nomidan Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirliklari hamda Savdo-sanoat palatasi mas’ullari qatnashdi.

Anjumanda yurtimizning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev, Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi Gvido De Sanktis, O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Qarshiboyev hamda CDP banki rahbariyati vakillari so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston vakillari tomonidan mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, valyuta bozorining erkin faoliyat yuritishi, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari orqali yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Taqdimot chog‘ida italiyalik mutaxassislar “Business Matching Platform” tizimining keng imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Mazkur platforma italiyalik va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasida ishonchli sheriklarni topish, maxsus algoritmlar yordamida biznes-profillarni o‘zaro moslashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish hamda virtual B2B formatidagi uchrashuvlarni tashkil etish imkonini beruvchi mutlaqo bepul raqamli vosita hisoblanadi.

Uchrashuvda Italiyaning mashhur “Cotonella” kompaniyasi direktori Renato Spanolo Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida to‘qimachilik loyihasini amalga oshirish borasidagi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U O‘zbekiston davlat idoralari tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy yordamni, mahalliy kadrlarning professional salohiyatini hamda mamlakatimiz to‘qimachilik tarmog‘ida mavjud keng imkoniyatlarni yuqori baholadi.

Tadbir yakunida yaqin haftalar ichida CDP raqamli platformasi orqali O‘zbekiston va Italiya kompaniyalari o‘rtasida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha maqsadli B2B shaklidagi muzokaralar tashkil etilishi e’lon qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish