Shotlandiyaning yetakchi universitetlari bilan akademik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
Noyabr 16, 2026. 16:30 • 2 daq
• 18EDINBURG, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Shotlandiyaga xizmat safari doirasida Glazgo va Edinburg universitetlari vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida akademik aloqalarni mustahkamlash, ilmiy-ta’limiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda ta’lim yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Glazgo universiteti Buyuk Britaniyaning qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet 1451-yilda tashkil etilgan. U “Russell Group” – Buyuk Britaniyaning yetakchi tadqiqot universitetlari guruhi a’zosi hisoblanadi. “QS World University Rankings 2027” reytingida jahon bo‘yicha 80-o‘rinni egallagan.
1583-yilda tashkil etilgan Edinburg universiteti muntazam ravishda dunyoning eng nufuzli 50 ta universiteti qatorida qayd etiladi. “QS World University Rankings 2027” reytingiga ko‘ra, ushbu ta’lim muassasasi jahon miqyosida 35-o‘rinni egallagan.
Glazgo universiteti rektori Endi Shofild bilan muzokaralarda o‘zaro akademik hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
E. Shofild Glazgo universitetining O‘zbekiston bilan hamkorligini kengaytirishga qiziqish bildirdi. Jumladan, xalqaro huquq, savdo, iqtisodiyot va JSTga a’zo bo‘lish borasida qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Edinburg universiteti prorektori Alan Makkey bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va tadbirkorlik sohalarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, universitetning Biznes maktabi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan tadbirkorlik ta’limi yo‘nalishida qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Edinburg universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot ham samimiy ruhda bo‘lib o‘tdi.
Universitetlarda tashkil etilgan uchrashuvlar davomida STEM fanlari, huquqshunoslik, muhandislik, tibbiyot, veterinariya, biotexnologiya, fintex va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma ta’lim dasturlari, ikki tomonlama diplom va akademik mobillik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, tomonlar ilmiy tadqiqotlar, tibbiy texnologiyalar va biotibbiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, barqaror rivojlanish, shaharsozlik, muhandislik va ekologik masalalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


