AQShlik jurnalistga “Oltin qalam” milliy mukofoti topshirildi
Noyabr 13, 2026. 08:55 • 3 daq
• 160VASHINGTON, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasida “Oltin qalam” milliy mukofoti g‘olibini taqdirlash hamda xorijlik jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy a’zolik guvohnomalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda diplomatik korpus vakillari, amerikalik jurnalistlar, ekspertlar, madaniyat namoyandalari va jamoat arboblari ishtirok etdi.
Marosimni O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov ochib, ishtirokchilarni qutladi.
Tadbirning asosiy voqeasi amerikalik jurnalist, “Diplomatic Watch” nashri bosh muharriri Viktor Gotevbega “Oltin qalam” milliy mukofotining topshirilishi bo‘ldi.
Ushbu e’tirof jurnalistning O‘zbekiston hayoti, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, respublika tashqi siyosati va xalqaro tashabbuslarini Amerika auditoriyasiga yetkazish borasidagi ko‘p yillik faoliyati va turkum maqolalariga berilgan munosib baho bo‘ldi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov “Oltin qalam” milliy mukofoti xalqaro tanlovi doirasida 2021-yilda “Xorijlik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali” nominatsiyasi ta’sis etilgani xorijiy jurnalistlar uchun muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Mazkur tashabbus mamlakatimiz haqidagi xolis va ishonchli axborotlarni xalqaro media makonida keng tarqatishga qaratilgani qayd etildi.
Viktor Gotevbe va amerikalik ekspert-tahlilchi Jeyms Dursoni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror ularning mamlakatimiz haqidagi mavzularni xalqaro miqyosda yoritishga qo‘shayotgan hissasiga bildirilgan yuksak hurmat ifodasi ekani ta’kidlandi.
Viktor Gotevbe O‘zbekistondagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni muntazam kuzatib borishi, mamlakatning taraqqiyot yo‘li va xalqaro maydondagi tashabbuslari uning jurnalistik materiallari uchun muhim mavzu bo‘lib kelayotganini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston haqida maqolalar tayyorlash, mamlakatdagi islohotlar va imkoniyatlarni Amerika jamoatchiligiga tanitish uning uchun katta sharafdir. Jurnalist “Oltin qalam” mukofoti va faxriy a’zolik maqomi uning kelgusi faoliyati uchun ham muhim rag‘bat bo‘lishini qayd etib, bildirilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
“Ochig‘ini aytsam, men juda hayratdaman. Bunday bo‘lishini umuman kutmagandim. Bu e’tirof men uchun katta rag‘bat, faxr va alohida mas’uliyatdir”, – dedi Viktor Gotevbe.
Marosimda so‘z olgan Jeyms Durso ham O‘zbekiston bilan bog‘liq mavzularni xalqaro auditoriyaga yetkazishga alohida qiziqish bildirishini ta’kidladi. AQSh siyosati, Markaziy Osiyo bilan munosabatlar va Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha tahliliy materiallari bilan tanilgan ekspert 2024-yilda “Oltin qalam” xalqaro mukofoti sohibi bo‘lgan.
U O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy a’zosi etib qabul qilinganidan mamnunligini bildirib, mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti, salohiyati va islohotlarini Amerika jamoatchiligiga yetkazish borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirishini ma’lum qildi.
Tadbir doirasida yana bir muhim voqea – O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, jurnalist Shohruh Majidovga “Kelajak bunyodkori” medalining tantanali ravishda topshirilishi bo‘ldi. Shuningdek, Otabek Eshmamatov va Shohruh Majidov O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinib, ularga tegishli guvohnomalar berildi.
Mazkur marosim nafaqat jurnalistlarning kasbiy faoliyatini e’tirof etish, balki O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi media hamkorlikni mustahkamlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Xususan, xorijiy jurnalistlarning uyushma faxriy a’zoligiga qabul qilinishi ikki mamlakat vakillari o‘rtasida tajriba almashish, professional muloqotni kengaytirish va qo‘shma media loyihalarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Vashingtonda o‘tkazilgan ushbu marosim ana shu yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zbek va amerikalik jurnalistlar o‘rtasidagi ishonchli professional aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston haqidagi axborotlar qamrovini xalqaro miqyosda kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





