O‘zbekiston va Vengriya ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Noyabr 13, 2026. 12:30 • 2 daq

• 36
O‘zbekiston va Vengriya ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

BUDAPЕSHT, 13-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriyaning Ta’lim va bolalar ishlari vazirligida Yevropa Ittifoqi va xalqaro munosabatlar masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Katalin Kurkuch bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda maktab, professional va oliy ta’lim sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, tajriba almashish, idoralararo va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar ikki mamlakatning sohaviy o‘quv muassasalari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash, akademik mobillikni kengaytirish hamda mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash muhimligini ta’kidladilar.

Muloqot chog‘ida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik dinamikasi ijobiy baholanib, ta’lim muassasalari o‘rtasida muntazam muloqotni davom ettirish orqali O‘zbekiston-Vengriya sherikligini yanada rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Muzokaralar yakunida ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashishni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha o‘zaro intilishlar tasdiqlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish