O‘zbekiston – Qirg‘iziston: mintaqa tinchligi, barqarorligi va ravnaqi yo‘lidagi strategik sheriklik

Iyul 30, 2026. 08:10 • 5 daq

257
O‘zbekiston – Qirg‘iziston: mintaqa tinchligi, barqarorligi va ravnaqi yo‘lidagi strategik sheriklik

BISHKEK, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. 30-iyul-1-avgust kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga boradi hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bugungi kunda O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlari siyosiy ishonchning yuksak darajasi, davlatlararo muloqotning faolligi hamda barcha ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikning izchil kengayib borayotgani bilan tavsiflanadi. Ikki mamlakat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli o‘zaro munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 16-fevral kuni o‘rnatilgan. O‘tgan yillar davomida mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza shakllantirildi hamda ikki tomonlama hamkorlikning samarali tizimi yaratildi.

O‘zbekiston–Qirg‘iziston aloqalarining yangi bosqichi 2017-yilda o‘zaro tashriflarning faollashuvi bilan boshlandi. 2023-yil yanvar oyida esa Har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

Parlamentlararo hamkorlik 2017-yilda imzolangan Parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum asosida amalga oshirilmoqda. 2020-yildan buyon O‘zbekiston Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiya faoliyat yuritib kelmoqda. 2026-yil may oyida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Yosh parlament aʼzolarining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi.

Iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston–Qirg‘iziston strategik sherikligining eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 37 foizga oshdi. 2026-yilning yanvar–iyun oylarida o‘zaro savdo hajmi 624,6 million dollarga yetib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 45 foizga ko‘paydi.

O‘zbekistonning Qirg‘izistonga eksporti tarkibiga tayyor sanoat tovarlari, oziq-ovqat, kimyo sanoati mahsulotlari, mashina va uskunalar kiradi. Qirg‘izistondan import tarkibi esa mineral yoqilg‘i, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari, transport uskunalarini o‘z ichiga oladi.

2018-yilda O‘zbekiston-Qirg‘iziston ishbilarmonlik kengashi tashkil etilgan. Uning faoliyati ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma investitsiya tashabbuslarini amalga oshirish va iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlashga xizmat qiladi.

Transport-logistika sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlari kun tartibining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Avtomobil, temir yo‘l va havo transporti sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlantirilmoqda, transport infratuzilmasi takomillashtirilmoqda hamda chegara orqali yuk tashish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan zamonaviy raqamli yechimlar joriy etilmoqda.

2026-yilning yanvar–iyun oylarida ikki davlat o‘rtasidagi yuk tashish hajmi 32 foizga oshdi. Joriy yildan boshlab ruxsatnoma hujjatlarini elektron tarzda almashishga mo‘ljallangan “E-Permit” tizimi joriy etildi.

Yo‘lovchi tashish sohasidagi aloqalar ham izchil kengayib bormoqda. Ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Toshkent–Bishkek va Toshkent–O‘sh yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.

Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yanada chuqurlashtirishda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston xalqaro temir yo‘lining qurilishi boshlangani muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu yirik infratuzilma loyihasining amalga oshirilishi Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari va Janubiy Yevropa o‘rtasida yuklarni yetkazib berish muddatlarini sezilarli darajada qisqartiradi. Bu Markaziy Osiyoning tranzit salohiyatini yuksaltirish hamda savdo, investitsiyalar va xalqaro logistika sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarida alohida o‘rin tutadi. Ikki xalqning boy madaniy merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan madaniyat kunlari, qo‘shma konsertlar, teatr sahna asarlari, festivallar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Qirg‘iziston vakillari O‘zbekistonda tashkil etiladigan yirik xalqaro madaniy forumlar va festivallarda, jumladan, Xalqaro maqom sanʼati festivali, “Lazgi” xalqaro raqs festivali hamda boshqa nufuzli tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

2026-yil 27-28-iyul kunlari Cho‘lponota shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi nufuzli ijodiy delegatsiya ishtirok etdi.

Turizm sohasidagi hamkorlik jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Qirg‘iziston O‘zbekistonga eng ko‘p sayyohlar yetkazib beruvchi davlatlar qatoriga kiradi. O‘zaro safarlar sonining yil sayin ortib borayotgani ikki mamlakat fuqarolarining bir-birining madaniy va turistik salohiyatiga bo‘lgan qiziqishi tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishtirok etayotgan mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ladigan navbatdagi tadbir Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi hisoblanadi.

Uchrashuvning mazkur formatda o‘tkazilishi Markaziy Osiyoning ishonch va yaxshi qo‘shnichilik makoni sifatidagi roli tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, ushbu nufuzli tadbir mintaqa davlatlarining o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish va konstruktiv muloqotni birgalikda ilgari surishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.

Sammit arafasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev IV Shusha global media forumida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston bilan munosabatlarning ustuvor ahamiyatini alohida taʼkidladi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Ozarbayjon – Markaziy Osiyo” hamkorlikning yangi formati rivojiga qo‘shgan hissasini qayd etdi.

Ozarbayjon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, aynan O‘zbekiston yetakchisining uzoqni ko‘ra bilishi va strategik yondashuvi bu mexanizmning shakllanishida muhim rol o‘ynagan. Bugungi kunda mazkur format Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz hududlarida siyosiy, iqtisodiy va transport sohalaridagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shu munosabat bilan, Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuv mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga yangi surʼat bag‘ishlashi hamda davlatlarning tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va birgalikdagi farovonlik yo‘lidagi umumiy maqsadlarga sodiqligini tasdiqlashi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti мatbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish