Xitoydan munosabat: O‘zbekiston–Belarus hamkorligi iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar ochadi
Iyul 12, 2026. 09:55 • 2 daq
• 133
GUANChJOU, 12-iyul. /“Dunyo” AA/. Xitoydagi “Shenzhen Noblepin International” kompaniyasi prezidenti Chjoye Szou “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga tashrifi rasmiy Toshkentning iqtisodiy diplomatiyani izchil amalga oshirayotganidan dalolat beradi.
Ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilangan maqsad – dadil va puxta hisob-kitob qilingan vazifadir. Maqsadga erishish yo‘lida imzolangan kelishuvlar kelgusida o‘z natijasini berishi shubhasiz.
Muzokaralarning amaliy ahamiyati mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik, mebelsozlik va agrosanoat sohalaridagi kooperatsiya loyihalarining atroflicha muhokama qilinganidadir.
Xususan, korxonalar darajasidagi aniq kelishuvlar to‘liq siklli barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga, shu orqali yuqori qo‘shimcha qiymatli tovarlar ulushini oshirishga va O‘zbekistonning tashqi bozorlardagi mavqeini mustahkamlashga imkon beradi.
O‘zbekistonning energiya balansi uchun uzoq muddatli strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yadro energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish masalasi ham kun tartibiga kiritilganini alohida qayd etish muhim. Elektr energiyasiga ichki talab muttasil oshib borayotgan sharoitda uni ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiya qilish butun iqtisodiyot raqobatbardoshligining o‘ta muhim omillaridan biriga aylanmoqda.
Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda boshqa ko‘plab kelishuvlar to‘plamining imzolanishi erishilgan natijalarni hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega. Bu hujjatlar mavjud ma’muriy to‘siqlarni kamaytirib, har ikki mamlakat iqtisodiy faoliyat subyektlari uchun ish sharoitlarining barqarorligini ta’minlaydi.
Minskdagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha yangi investitsiyaviy, texnologik va ishlab chiqarish sohalariga oid kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston uchun industriallashuvni jadallashtirish, eksport salohiyatini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi