O‘zbekiston Janubiy Koreyaga “Yangi Ipak yo‘li”ni yaratishni taklif qildi
Sentabr 14, 2026. 15:00 • 2 daq
• 69
SEUL, 14-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga zamonaviy texnologiyalar va infratuzilma asosida XXI asrning “Yangi Ipak yo‘li”ni shakllantirishni taklif qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Janubiy Koreyaning “The Chosun Daily” nashriga tayanib.
Eslatib o‘tamiz, 13-sentabr kuni davlatimiz rahbari 16-sentabr kuni Seul shahrida bo‘lib o‘tadigan “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” birinchi sammitida qatnashish uchun davlat tashrifi bilan Janubiy Koreyaga kelgandi. Bugun davlatimiz rahbarining Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokaralari rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Prezidenti “The Chosun Daily” gazetasiga bergan intervyusida ikki mamlakat azaliy hamkor va yaqin do‘stlar ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreyaning sanoat texnologiyalari O‘zbekistonning salohiyati va resurslari bilan uyg‘unlashuvi sunʼiy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, elektromobillar, biofarmatsevtika va aqlli qishloq xo‘jaligini birgalikda rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratadi.
Davlat rahbari O‘zbekiston global qo‘shimcha qiymat zanjirlariga chuqurroq integratsiyalashishga intilayotgani, Janubiy Koreya esa taʼminot zanjirlarini diversifikatsiya qilishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Shu munosabat bilan, rasmiy Toshkent Janubiy Koreya kompaniyalarini butlovchi qismlarni xarid qilishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq siklni qamrab oladigan zamonaviy ishlab chiqarish markazlarini yaratishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Mamlakat yetakchisining taʼkidlashicha, ikki davlat hamkorligi iqtisodiy aloqalarning yangi shakliga asos bo‘lishi mumkin. “Qadimiy Ipak yo‘li savdo-sotiq, g‘oyalar, bilim va texnologiyalar almashinuviga xizmat qilgan bo‘lsa, Yangi Ipak yo‘lini ilg‘or ishlab chiqarish tarmoqlari, raqamli infratuzilma, transport va energetika yo‘laklari yordamida barpo etish mumkin”, – dedi Prezident.
Janubiy Koreyaning taraqqiyot modeli haqida so‘z yuritar ekan, davlat rahbari ushbu mamlakat bir avlod davrida agrar iqtisodiyotdan yetakchi sanoat davlatiga aylanganini qayd etdi. U katta yutuqlar birgalikdagi saʼy-harakatlarni talab qilishini taʼkidlab, “Yolg‘iz otdan chang chiqmas” degan o‘zbek maqolini keltirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi