Londonda energetika sohasidagi mavjud muammo va istiqbollar muhokama qilindi
Dekabr 04, 2025. 17:54 • 2 daq
• 124
LONDON, 9-dekabr. /“Dunyo” AA/. Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutida energetika xavfsizligi bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jahonning yetakchi tahlil tashkilotidan biri bo‘lgan Kaspiy siyosiy markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda turli mamlakatlarning energetika xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etdi. Ekspertlar energetika sohasini rivojlantirishning dolzarb muammolari va istiqbollarini muhokama qildi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov mamlakatimizning energetika sohasidagi keng ko‘lamli islohotlari va strategik ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot berdi. O‘zbekiston iqtisodiyot va aholi sonining jadal o‘sishi sharoitida energetika xavfsizligini taʼminlashga asosiy vazifa sifatida qarayotgani taʼkidlandi.
So‘nggi besh yilda energetika sohasiga 20 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, umumiy quvvati 9,6 GVt bo‘lgan yangi generatsiya quvvatlari ishga tushirildi, shundan 3,5 GVt quyosh va shamol elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi. Mamlakat 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish va issiqxona gazlari chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirish niyatida.
O‘zbekistonning mintaqaviy energetika barqarorligini mustahkamlash, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surish, Yevropaga “Yashil energetika yo‘lagi” tashabbusini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Muhokamalar chog‘ida ishtirokchilar O‘zbekistonning yashil energetika sohasidagi taraqqiyotiga yuqori qiziqish bildirib, qayta tiklanadigan manbalarga sarmoya kiritish, energiya resurslarini diversifikatsiya qilish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
Ishtirokchilar uzoq muddatli energetik barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash uchun muloqotni mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni ilgari surish zarurligini taʼkidlab, kelgusidagi hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi