O‘zbekiston “Singapore FinTech Festival 2026” festivalida o‘zining fintex salohiyatini namoyish etdi

Noyabr 21, 2026. 10:00 • 2 daq

• 115
O‘zbekiston “Singapore FinTech Festival 2026” festivalida o‘zining fintex salohiyatini namoyish etdi
O‘zbekiston “Singapore FinTech Festival 2026” festivalida o‘zining fintex salohiyatini namoyish etdi
O‘zbekiston “Singapore FinTech Festival 2026” festivalida o‘zining fintex salohiyatini namoyish etdi

SINGAPUR, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Markaziy banki, tijorat banklari va yetakchi fintex-kompaniyalari vakillari Singapurda bo‘lib o‘tgan “Singapore FinTech Festival 2026” xalqaro moliyaviy texnologiyalar festivalida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu festival moliyaviy texnologiyalar, raqamli bank xizmatlari, elektron to‘lov tizimlari, sun’iy intellekt va moliya sohasidagi innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan yirik xalqaro maydonlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston banklari va fintex-kompaniyalari festivalda alohida ko‘rgazma stendlari bilan qatnashib, mamlakatimizda raqamli moliyaviy xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalliy kompaniyalarning innovatsion mahsulotlari va investitsiyaviy imkoniyatlarni taqdim etdilar.

O‘zbekiston vakillari yalpi va panel muhokamalarida so‘zga chiqib, raqamli moliya bozorini rivojlantirish, xalqaro to‘lov tizimlarini kengaytirish, moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish hamda xorijiy fintex-kompaniyalar bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. O‘zbekiston Markaziy banki hamda Singapur Markaziy banki va bosh davlat moliyaviy regulyatori funksiyalarini bajaruvchi Pul-kredit boshqarmasi huzuridagi GFTN tashkiloti vakillari moliyaviy texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazdi.

19-noyabr kuni O‘zbekiston Elchixonasi O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Uzbekistan: Central Asia’s Emerging Fintech Hub” (“O‘zbekiston: Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan fintex xabi”) mavzusida taqdimot tashkil etdi. Tadbir mamlakatimizning investitsiyaviy va texnologik salohiyatini namoyish etish, xalqaro hamjamiyatni milliy fintex bozori bilan tanishtirish hamda o‘zbek kompaniyalari va salohiyatli xorijiy hamkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratildi. Moliya-bank tizimini raqamlashtirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga bag‘ishlangan ushbu anjuman ko‘plab xorijiy mutaxassis va tadbirkorlarning e’tiborini tortdi.

Festivalda O‘zbekistonning yetakchi fintex-kompaniyalari – “Uzum”, “TBC Uzbekistan”, “Paynet”, “Payme”, “OSON” va “ATMOS” o‘z faoliyati, raqamli mahsulotlari hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini namoyish etdilar. Tadbirlar yakunida mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida B2B uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish