Varshava shahrida O‘zbekiston–Polsha akademik hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 02, 2026. 16:25 • 2 daq
• 23
VARSHAVA, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev Polsha fan va oliy ta’lim vaziri Marchin Kulyasek bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda shu yil aprel oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi hamda Polsha va O‘zbekiston rektorlari forumi yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tuzilgan 70 ta bitimni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi.
Shuningdek, ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish uchun samarali platformaga aylanadigan Nikolay Kopernik va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston–Polsha fan va ta’lim jamg‘armasini tashkil etish tashabbusiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muloqot davomida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ikki diplomli ta’limni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar, stajirovkalar va yozgi maktablar tashkil qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, diplomatik vakolatxonalari, Polsha akademik almashinuv milliy agentligi (NAWA), “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda manfaatdor ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida qo‘shma ishchi guruh tuzish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, 2027-yil may–iyun oylarida Gdansk shahrida yuqori darajadagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida navbatdagi Polsha–O‘zbekiston forumini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




