Logo

O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Kanju shahrida madaniyat va turizmga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi

May 10, 2026. 10:25 • 3 daq

33
O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Kanju shahrida madaniyat va turizmga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi
O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Kanju shahrida madaniyat va turizmga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi
O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Kanju shahrida madaniyat va turizmga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi
O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Kanju shahrida madaniyat va turizmga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi

KVANJU, 10-may. /“Dunyo” AA/. Kvanju shahrida Koreya Respublikasi Madaniyat, sport va turizm vazirligi qoshidagi Osiyo madaniyati milliy markazi (NACC) tashabbusi bilan madaniyat va sayyohlikka bag‘ishlangan “How Fun 12” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ko‘rgazmada Janubiy Koreyada faoliyat yurituvchi xorijiy diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, ijtimoiy, madaniy va ijodiy tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning tarixi, madaniyati, urf-odatlari, sanʼati va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli ko‘rgazma tashkil etildi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni aks ettiruvchi materiallar namoyish qilindi.

O‘zbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini yorituvchi kitoblar va qo‘llanmalar, milliy liboslar, hunarmandchilik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi va ipakchilik mahsulotlari hamda xalq amaliy sanʼati namunalari ekspozitsiyadan o‘rin oldi.

Tadbir davomida YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarining tarixiy meʼmoriy yodgorliklari, zamonaviy sayyohlik maskanlari hamda mamlakatning turli hududlaridagi turizm obyektlari haqida fotosurat va videomateriallar taqdim etildi. Shu bilan birga, o‘zbek xalqining urf-odatlari, milliy taomlari va madaniy merosi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonning boy madaniyati va sanʼatini yuqori baholab, o‘z taassurotlarini bildirdi:

– Zamonaviy O‘zbekiston hamda uning xalqi madaniyati va tarixi bilan tanishish men uchun juda qiziqarli bo‘ldi, – dedi tadbir ishtirokchisi Pak Song Xi. – Ayniqsa, mamlakatlarimiz madaniyati va urf-odatlaridagi o‘xshashliklar meni hayratga soldi. Ushbu ko‘rgazma O‘zbekistonning turizm salohiyatini Janubiy Koreyada keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

“NACC” xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i O Xyon Xva ham tadbir haqida o‘z fikrlarini bayon etdi:

– Mazkur festival Janubiy Koreya fuqarolariga O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini ko‘rgazmali tarzda tanishtirish imkonini berdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar qadimgi Ipak yo‘li davridan buyon davom etib kelmoqda. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston haqida ko‘plab yangi maʼlumotlarga ega bo‘ldi, – dedi u.

Festivalda qatnashgan mahalliy ishtirokchilardan biri ushbu tadbir haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:

– O‘zbekistonlik do‘stlarim taklifi bilan ushbu tadbirda ishtirok etdim. Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik do‘stlarim bilan ko‘p bor mamlakatingiz madaniyati, milliy taomlari va anʼanalari haqida suhbatlashganmiz. Bugungi ko‘rgazma esa eshitganlarimni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkonini berdi. Kelgusida albatta O‘zbekistonga sayohat qilaman, – dedi u.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish