O‘zbekiston 2027-yildan Xalqaro elektrotexnika komissiyasining to‘laqonli aʼzosiga aylanadi

Avgust 16, 2026. 12:03 • 2 daq

7
O‘zbekiston 2027-yildan Xalqaro elektrotexnika komissiyasining to‘laqonli aʼzosiga aylanadi
O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi portali surati

TOSHKENT, 16 avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston 2027-yil 1-yanvardan Xalqaro elektrotexnika komissiyasining (XEK) to‘laqonli aʼzosiga aylanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda bu maqomni olgan yagona davlat bo‘ladi. To‘laqonli aʼzolik mamlakatga nafaqat xalqaro standartlarni qo‘llash, balki tashkilotning texnik qo‘mitalari orqali ularni ishlab chiqish va takomillashtirishda bevosita ishtirok etish imkoniyatini ham beradi.

O‘zbekistonning XEK bilan hamkorligi 2015-yilda sheriklik dasturi doirasida boshlangan, 2023-yilda esa mamlakat assotsiatsiyalashgan aʼzo maqomini olgan.

Tomonlar milliy ekspertlarni tayyorlash, ularning XEK texnik qo‘mitalaridagi ishtirokini kengaytirish hamda muvofiqlikni baholash tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, elektrotexnika, energiya samaradorligi va yashil energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun salohiyat mavjudligi qayd etildi.

XEK 1906-yilda tashkil etilgan bo‘lib, elektrotexnika va elektronika sohasida standartlar ishlab chiquvchi notijorat tashkilot hisoblanadi. U 170 ga yaqin aʼzo mamlakatni birlashtiradi, ulardan 64 tasi to‘laqonli aʼzo maqomiga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish