Dubayning yetakchi investitsiya xoldingi rahbariyati bilan O‘zbekiston-BAA o‘zaro manfaatli hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi
Avgust 16, 2026. 10:00 • 2 daq
• 25
DUBAY, 16-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi vakillari “Dubai Holding” kompaniyasi bosh direktori Amit Kavshal bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekiston va “Dubai Holding” o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ko‘chmas mulk va turizm infratuzilmasi sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, zamonaviy shaharsozlik yondashuvlari hamda sohani rivojlantirish borasidagi keng imkoniyatlar haqida fikr almashdi. Jumladan, Yangi Toshkent hududida shakllantirilayotgan zamonaviy infratuzilma va investitsiya loyihalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda turizm sohasining jadal rivojlanayotgani va xorijiy sayyohlar oqimining ortib borayotgani zamonaviy mehmonxona, savdo-ko‘ngilochar hamda servis infratuzilmasini barpo etish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlandi.
Suhbat davomida ishtirokchilar istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlarini sinchkovlik bilan o‘rganish va o‘zaro aloqalarni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
2004-yilda tashkil etilgan “Dubai Holding” – Dubay iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va uzoq muddatli barqaror o‘sishini ta’minlashga yo‘naltirilgan yirik investitsiya xoldingi sanaladi. Kompaniya bugungi kunda 30 dan ortiq mamlakatda faoliyat olib boradi.
Xolding tarkibidagi mashhur “Jumeirah” brendi Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, jumladan, London, Parij, Jeneva, Maldiv orollari kabi yirik sayyohlik markazlarida yuqori darajadagi mehmonxona va kurortlarni boshqaradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi