Logo

O‘zbekiston Hindiston ekranlarini zabt etmoqda: qadimiy shaharlar mehmonlarni chorlamoqda

Yanvar 11, 2026. 09:15 • 2 daq

30
O‘zbekiston Hindiston ekranlarini zabt etmoqda: qadimiy shaharlar mehmonlarni chorlamoqda

DEHLI, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston qadimiy meʼmorchilik obidalarining maftunkor manzaralari, rang-barang bozorlar, ko‘rkam shaharlarning mehmondo‘st ko‘chalari — endi bularning barchasini Hindiston megapolislari ko‘chalaridagi LED-ekranlarda tomosha qilish mumkin, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan axborot kampaniyasi doirasida Dehli, Mumbay va Gurgaon shaharlarining markaziy maydonlari, biznes va savdo markazlari hamda gavjum ko‘chalarida yanvar oyi davomida quyoshli O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga chorlovchi targ‘ibot marafoni bo‘lib o‘tmoqda.

Ikki tomonlama serqirra aloqalar yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida haftasiga 17 marta amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar Toshkent, Dehli, Mumbay shaharlari va Goa shtati o‘rtasidagi parvozlarni qamrab olgan.

O‘zbekiston bugun hind sayyohlari uchun ommabop va qulay yo‘nalishlardan biriga aylanib ulgurdi.

2025-yilda keng ko‘lamli taqdimot kampaniyasi nafaqat poytaxtni, balki Mumbay, Kolkata, Bangalor, Haydarobod va boshqa shaharlarni, shuningdek, mashhur dam olish maskani bo‘lgan Goa shtatini ham qamrab oldi.

Diplomatik missiya tomonidan o‘tkazilgan “roud-shou”, seminar va uchrashuvlarda O‘zbekiston turizm sohasida tadbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlab berildi. Mamlakatimizda yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma, yuqori darajaga ko‘tarilayotgan xizmat turlari va xorijiy mehmonlar uchun taqdim etilayotgan yangi noyob yo‘nalishlar alohida qayd etildi.

Bugungi kunda Hindiston aholisi va mehmonlari tomonidan tomosha qilinayotgan videoroliklar o‘z samarasini bermoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva va Buyuk ipak yo‘lining boshqa durdonalariga bo‘lgan qiziqish jadal surʼatlar bilan ortib bormoqda. Natija esa yaqqol ko‘zga tashlanmoqda — birgina o‘tgan yilning o‘zida 80 mingdan ortiq hind sayyohi mehmondo‘st va betakror O‘zbekistonni o‘zlari uchun kashf etdi. Yangi yilda ushbu ko‘rsatkichning salmog‘i yanada oshadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish