Ruhi Ersoy: O‘zbekiston – turkiy dunyoning tamal toshi, qalbi va yuragidir
Yanvar 10, 2026. 10:15 • 3 daq
• 140
ANQARA, 10-yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi tomonidan Turkiyaning Ahmad Javad nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti vakillari bilan O‘zbekistonda 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinganiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davra suhbatida o‘zbekistonlik diplomatlar va turkiyalik ekspertlar o‘zaro fikr-mulohaza almashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Prezidentining parlament va xalqqa yo‘llangan Murojaatnomasi haqida so‘z yuritildi. Vakillarimiz mahalla tizimida erishilgan yutuqlar va yangi takliflar haqida to‘xtalib o‘tdi. Azaldan o‘zbek xalqi hayotida muhim o‘rin tutgan mahalla instituti – o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi ekani taʼkidlandi. Yangi davrdagi muvaffaqiyatli tizim – “mahalla yettiligi” modeli haqida ham maʼlumot berildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, O‘zbekiston yetakchisi o‘z Murojaatnomasida mahalla institutiga doir konseptual fikrlar bildirgan. 2026-yilni O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” eʼlon qilish tashabbusini ilgari surgan. Bu tashabbus nafaqat O‘zbekistonning o‘zi uchun, balki umumturkiy qadriyat bo‘lgan mahalla tizimini yangidan jonlantirish nuqtai nazaridan ham alohida eʼtiborga loyiq.
Davra suhbati davomida taniqli turkshunos olim, Anqaradagi Ahmad Javad ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Ruhiy Ersoy O‘zbekistonda mahalla tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev doimo eʼtiborga loyiq tashabbuslarni ilgari surib kelgan. Ayniqsa, uning “Uchinchi Renessans” g‘oyasi ostida o‘zbek xalqining madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilgan harakatlari – butun turkiy dunyoda alohida eʼtibor bilan kuzatilmoqda. Shuni aytishim kerakki, O‘zbekiston faqatgina O‘zbekistondan iborat emas. Bu haqiqatni turkiy dunyo o‘laroq qabul qilishimiz kerak. O‘zbekiston – turkiy dunyoning tamal toshi, qalbi va yuragidir. Bu zamindagi davlatchilik anʼanalari, tartibot va boshqaruvga oid tarixan shakllangan qadriyatlar, madaniy va tarixiy meros nuqtai nazarida O‘zbekiston butun turkiy dunyoning ilhom manbaidir.
O‘zbekiston Prezidenti chuqur tajribali va uzoqni ko‘zlab ish yurituvchi oqil siyosatchi o‘laroq mamlakatning boy merosiga tayangan holda, o‘ziga xos milliy demokratik modelni yaratmoqda. Mahalla yetakchilari, oqsoqollar va tajribali insonlarning ko‘magidan boshqaruvda foydalanmoqda. Ularning taklif-mulohazalari bilan jamiyatning asosi – mahallani rivojlantirish buning yaqqol misoli. Jamiyatning taraqqiyoti jihatidan bu tashabbus juda qadrli.
Mahallaga eʼtibor – avvalo oilani asrash deganidir. Bizning madaniyatimizda oila – “kichik bir davlat”, “davlat esa – katta bir oila” deb qaraladi. Shu jihatdan, oilalarni asrashda, arzimagan sabablar deb xonadonlarning parokanda bo‘lishining oldini olishda mahalla instituti azaldan katta ahamiyat kasb etgan. Yoshi ulug‘larning, oqsoqollarning nasihati bilan oilalar mustahkamlangan, hamjihatlik va ahillik ortgan.
Yana bir jihat, mahallaga eʼtibor – yoshlarga eʼtibor demakdir. Bugungi raqamli dunyo rivojlanib borayotgan sharoitda yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mobil telefon va kompyuter o‘yinlariga, nosog‘lom turmush tarziga bog‘lanishning, buzg‘unchi harakatlar domiga tushib qolishning oldini olishda – mahalladan ishni boshlash ayni muddao.
Quvonarlisi, bunga o‘xshash tashabbuslar Turkiyada ham mavjud. Masalan, Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning tashabbusi bilan 2026–2035 o‘n yilligi oila qadriyatlarini kuchaytirish uchun “Oila va aholi o‘n yilligi” deb eʼlon qilindi. Shuningdek, Millatchi harakat partiyasi yetakchisi Devlet Bahcheli tashabbusi bilan “Qo‘shnim, ahvoling qanday?” deb nomlangan loyiha yuritilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston bu yil ham “Uchinchi Renessans” g‘oyasi bilan butun turkiy dunyoga motivatsiya beruvchi tadbirlar bilan bizlarni xursand qilishda davom etishiga ishonaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi