NDTV: Hindistonlik sayyoh uchun O‘zbekiston madaniy jihatdan yaqin va tushunarli makondir
Yanvar 10, 2026. 09:15 • 3 daq
• 5
DEHLI, 10-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonning ommabop NDTV telekanali o‘z saytida “Hindistonlik sayohatchilar uchun O‘zbekiston bo‘yicha to‘liq qo‘llanma” nomli batafsil tahliliy maqola eʼlon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada mamlakatimiz 2026-yilda turizm uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida taqdim etilgan. Muallif nafaqat o‘zbek shaharlarining diqqatga sazovor joylarini mohirona taʼriflagan, balki nima uchun O‘zbekiston Hindiston fuqarolari uchun «yangi sevimli maskan»ga aylanib borayotgani sabablarini chuqur tahlil qilgan.
NDTV sayti O‘zbekiston uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyoning «yashirin marvaridi» bo‘lib kelgani, biroq so‘nggi yillarda vaziyat shiddat bilan o‘zgarayotganini taʼkidlagan.
Materialda sayyohlar oqimi dinamikasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Hindistonlik turistlarning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi barqaror o‘sish surʼatini namoyish qilmoqda: 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga Hindistondan 80 mingdan ortiq sayohatchi tashrif buyurgan.
Telekanal ekspertlari bu muvaffaqiyatni oqilona ochiqlik siyosati bilan bog‘lamoqda. «O‘zbekiston — bu bir vaqtning o‘zida ertaknamo qadimiy Ipak yo‘li shaharlaridan tortib hamyonbop hashamatga ega zamonaviy megapolislargacha bo‘lgan bir nechta olamni taqdim etadigan noyob yo‘nalishdir», deb taʼkidlangan maqolada.
NDTV «madaniy ko‘prik» konsepsiyasiga alohida urg‘u bergan. Hindistonlik sayyoh uchun O‘zbekiston shunchaki xorijiy davlat emas, balki madaniy jihatdan yaqin va tushunarli makondir.
Maqolada bir nechta asosiy mushtarak jihatlar sanab o‘tilgan. Birinchi navbatda, bu — meʼmorchilik. Samarqanddagi Temuriylar merosi va Hindistondagi Boburiylar arxitekturasi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik qayd etilgan.
Shuningdek, gastronomik nafislikka ham to‘xtalib o‘tilgan. Palov va somsaga nisbatan mehrdan tortib zira, kashnich urug‘i, zaʼfaron kabi umumiy ziravorlardan foydalanishgacha bo‘lgan pazandachilik anʼanalarining o‘xshashligi eʼtirof etilgan.
Bozor savdosi madaniyati, mehmondo‘stlik anʼanalari va hatto musiqiy asarlar hind mehmoni o‘zini xuddi o‘z uyidagidek his qilishiga yordam beruvchi muhitni yaratadi, deb qayd etilgan.
NDTV o‘z auditoriyasiga O‘zbekistonga sayohat qilishning Yevropa yoki Osiyoga amalga oshiriladigan anʼanaviy yo‘nalishlardan ustunlik tomonlarini batafsil tushuntirib bergan.
Avvalo, o‘quvchilar diqqati viza rejimining soddalashtirilganiga qaratilgan. Elektron turistik vizani 3-4 kun ichida minimal to‘lov evaziga olish imkoniyati asosiy omillardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Dehli, Mumbay va Goadan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarning mavjudligi O‘zbekistonni Hindistonning ichki yo‘nalishlaridan ham yaqinroq qilmoqda.
Mualliflarning taʼkidlashicha, O‘zbekistonda dam olish narxi dunyoning boshqa mamlakatlaridagi shu kabi xizmat ko‘rsatish darajasidan 2-3 baravar arzonroqdir. Besh yulduzli mehmonxonalar va yuqori sifatli oshxonalar keng doiradagi sayohatchilar uchun qulay imkoniyatlar taqdim etadi.
Telekanal O‘zbekiston turizmining «oltin kvadrati»ni alohida ko‘rsatib o‘tgan.
Toshkent — o‘ziga xos yer osti metro-galereyasi va yorqin “Chorsu” bozoriga ega zamonaviy megapolis sifatida taʼriflangan. Samarqand esa «Ipak yo‘lining yuragi» deb nomlangan. Ayniqsa, saharda va quyosh botishi paytida ziyorat qilish tavsiya etiladigan Registon maydoni hayrat bilan tasvirlangan.
Nashr qo‘hna Buxoroni asrlar davomida jonli muhitni saqlab qolgan «ochiq osmon ostidagi muzey»ga o‘xshatgan. Xiva Sharqning eng yaxshi saqlanib qolgan asl meʼmorchiligini ko‘rishni istovchilar uchun majburiy manzil sifatida tavsiya etilgan.
O‘zbekiston o‘z tarixiy kapitalini zamonaviy turistik brendga muvaffaqiyatli aylantirmoqda. NDTV saytidagi maqola Hindiston mamlakatimiz turistik sohasi uchun strategik hamkorga aylanayotganini tasdiqlaydi.
Nashr O‘zbekiston hindistonliklar uchun shunchaki sayohat qiladigan maskan emas, balki bir vaqtning o‘zida taʼlim, sarguzasht va yangiliklar kashf etiladigan diyordir, deb xulosa qilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi