Logo

AQShdagi o‘zbek diasporasi Toshkentdagi bolalar shifoxonasiga gumanitar yordam ko‘rsatdi

Fevral 12, 2026. 11:36 • 46 soniya

47
AQShdagi o‘zbek diasporasi Toshkentdagi bolalar shifoxonasiga gumanitar yordam ko‘rsatdi
AQShdagi o‘zbek diasporasi Toshkentdagi bolalar shifoxonasiga gumanitar yordam ko‘rsatdi

NYU-YORK, 12-fevral. /“Dunyo” AA/. Jamoatchilik faoli Otabek Mahkamov tashabbusi hamda AQShdagi o‘zbek diasporasining faolligi bilan Nyu-Yorkda Toshkent shahrida joylashgan U.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga yordam ko‘rsatish maqsadida insonparvarlik aksiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tashabbus doirasida diaspora vakillari ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida birlashdi. Yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, diagnostika va reabilitatsiya muolajalarini o‘tkazish uchun jihozlar, maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilindi.

Yuborilgan uskunalar allaqachon tibbiyot muassasasiga yetkazilgan va shifokorlarning amaliy faoliyatida qo‘llanilmoqda. Bu nevrologik va psixonevrologik kasalliklarga chalingan bolalarga ko‘rsatilayotgan yordam sifatini oshirish imkonini beradi.

Ushbu insonparvarlik aksiyasi O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi ishtirokida amalga oshirildi va xorijdagi vatandoshlarimizning birdamligi, ularning sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shishga bo‘lgan samimiy intilishining yana bir namunasi bo‘ldi.

Tashkilotchilarning qayd etishicha, diaspora vakillari ishtirokidagi bunday tashabbuslar kelgusida ham davom ettiriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish