Logo

O‘zbekiston kinoijodkorlarining animatsion filmlari Kolkata xalqaro bolalar filmlari festivalida namoyish etiladi

Yanvar 14, 2026. 09:23 • 2 daq

8
O‘zbekiston kinoijodkorlarining animatsion filmlari Kolkata xalqaro bolalar filmlari festivalida namoyish etiladi
O‘zbekiston kinoijodkorlarining animatsion filmlari Kolkata xalqaro bolalar filmlari festivalida namoyish etiladi

DEHLI, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorlik doirasida o‘zbek kinematograflari Kolkata shahrida 23-29-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadigan Xalqaro bolalar filmlari festivalida «Buyuk bobolarim bolaligi» nomli 3D-animatsion filmlar turkumini taqdim etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Loyiha yosh tomoshabinlarni dunyo ilm-fanining tamal toshini qo‘ygan buyuk allomalarning bolalik yillari bilan tanishtiradi. Multfilmlar nafaqat tarixni o‘rgatish, balki yosh avlodni intellektual rivojlanishga ilhomlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan “Astir” studiyasida (rejissyor Abdulatif Haydarov) yaratilgan ushbu tasmalar zamonaviy daholarning bolaligi, ilmdagi ilk qadamlari, izlanuvchanligi va ixtirochilik qobiliyatlari haqida qiziqarli va tushunarli tilda hikoya qiladi. Filmlar yosh avlodni O‘zbekistonning tarixiy merosi bilan tanishtirish bilan bir qatorda, ularni shaxsiy kashfiyotlar qilishga undaydi, tanqidiy fikrlash va bilimga intilishga o‘rgatadi.

Abu Rayhon Beruniy haqidagi film o‘tin terib sotib yurgan oddiy bolakayning afsonaviy olimgacha bo‘lgan yo‘lini yoritadi. Tomoshabinlar izlanuvchan Beruniyning usturlob bilan ishlashni o‘rganishi, Yer geografiyasi va minerallar olami hali yarmigacha ham o‘rganilmaganini anglab yetishiga guvoh bo‘ladi.

Muhammad Xorazmiyning bolalik yillariga bag‘ishlangan film bo‘lajak algebra asoschisining daholigini ochib beradi. Xususan, unda yosh Muhammad o‘zining aniq hisob-kitoblari bilan tajribali quruvchilarni hayratda qoldirib, saroy ustunlari va gumbazini o‘rnatishda yordam bergani haqida hikoya qilinadi.

Ahmad Farg‘oniy haqidagi animatsiya bo‘lajak dahoning yoshligidanoq namoyon bo‘lgan ixtirochilik qobiliyatini ko‘rsatib beradi. U bolaligidayoq do‘stlariga Yerning shaklini tushuntirib bergan. Syujet markazida — dehqonlar uchun adolatli soliq tizimini taʼminlash maqsadida daryodagi suv sathini o‘lchaydigan asbob yaratishi tasvirlangan.

Beruniy, Xorazmiy va Farg‘oniy haqidagi filmlarning Kolkatada namoyish etilishi — jahon hamjamiyatiga buyuk o‘zbek olimlarining insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi haqida so‘zlab berish hamda O‘zbekistonni o‘z merosini avaylab asrovchi va kelajakka ijodkorlik hamda innovatsiyalar prizmasi orqali qarovchi mamlakat sifatida tanitish uchun qulay imkoniyatdir.

Shu bilan birga, ushbu madaniy almashinuvning uzviy davomi sifatida, joriy yil yanvar oyida O‘zbekistonning “Tarona” raqs ansambli Dehlida o‘tkaziladigan 11-Xalqaro raqs va musiqa festivalida ishtirok etadi.

O‘zbek sanʼatkorlari va kinematograflarining Hindistonning yirik maydonlaridagi bunday faol ishtiroki ikki tomonlama munosabatlarda sanʼat o‘zaro anglashuv va do‘stlikning asosiy vositalaridan biriga aylanayotgan yangi davr boshlanganini ifodalaydi.

Ushbu voqealar O‘zbekiston va Hindiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi izchil ishlarni, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonning zamonaviy madaniy mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish